KFC, EVOS va Oqtepa Lavash: yanvar-mart oylarida kim koʻproq soliq toʻlagan?
2025 yilning birinchi choragida umumiy ovqatlanish sohasidagi savdo aylanmasi 4 trillion soʻmdan oshdi.
Soha boʻyicha jami 384,2 milliard soʻm soliq toʻlangan boʻlib, buning 19,2 foizi eng yirik 20 ta soliq toʻlovchi korxonalar hissasiga toʻgʻri keldi.
KFC, EVOS, Oqtepa Lavash va Feed Up kabi brendlar kuchli 20 talikdan joy egalladi.

Davlat soliq qoʻmitasi 2025-yilning birinchi choragida umumiy ovqatlanish sohasida eng koʻp soliq toʻlagan korxonalar roʻyxatini eʼlon qildi. Ushbu davr mobaynida sohada 19 963 ta yuridik shaxs faoliyat yuritgan boʻlib, ularning umumiy tovar aylanmasi 4,05 trln soʻmni (taxminan 313,8 million AQSh dollari) tashkil etdi.
Mazkur sohada jami 384,2 milliard soʻm miqdorida soliq toʻlangan. Bu koʻrsatkichning 73,8 milliard soʻmi yoki 19,2 foizi eng yirik 20 ta soliq toʻlovchi korxona hissasiga toʻgʻri kelgan. Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish sohasidagi korxonalar tomonidan 58,9 milliard soʻmlik soliq imtiyozlaridan foydalanilgan.
Eng koʻp soliq toʻlagan korxonalar roʻyxatida birinchi oʻrinni 21,93 milliard soʻmlik soliq toʻlovlari bilan “International Foodchain” MChJ (KFC) egallagan. Ikkinchi oʻrinda 16,16 milliard soʻm bilan “Mak Food Servis” MChJ (EVOS), uchinchi oʻrinda esa 8,61 milliard soʻm bilan “Oqtepa-Food-Service” (Oqtepa Lavash) joylashgan.
Shuningdek, “Ketring” MChJ (Uzairways’ga tegishli kompaniya), “Feedup Eco” MChJ , “Chef Catering” MChJ, “Maxway Food” MChJ, “Vanilla Food” MChJ kabi yirik kompaniyalar ham yetakchi soliq toʻlovchilar safidan oʻrin olgan.
Batafsil maʼlumotlar quyidagi infografikada keltirilgan:

Top-20 korxona tomonidan toʻlangan soliqlar tarkibiga nazar tashlaydigan boʻlsak, eng katta ulush 30,9 milliard soʻm yoki 41,9 foiz bilan qoʻshilgan qiymat soligʻiga toʻgʻri keladi. Undan keyingi oʻrinlarda 19,4 milliard soʻm (26,3%) bilan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, 13,5 milliard soʻm (18,2%) bilan foyda soligʻi, 8,6 milliard soʻm (11,7%) bilan ijtimoiy soliq qayd etilgan. Boshqa turdagi soliqlar esa 1,4 milliard soʻm yoki 1,9 foizni tashkil qilgan.