12 053.460 so‘m

decrease

-63.890

14 026.610 so‘m

decrease

-42.850

152.430 so‘m

increase

2.940

12 053.460 so‘m

decrease

-63.890

4 kun avval
Iqtisodiyot
106

Keyingi 3 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti qanday oʻsadi?

Markaziy bank 2026–2028 yillar uchun pul-kredit siyosati konseptual yoʻnalishlarini tasdiqladi. Unga koʻra, yaqin uch yil ichida iqtisodiy oʻsish surʼatlari oshishi, inflyatsiya 5 % maqsadli darajasiga yaqinlashishi va makroiqtisodiy barqarorlik mustahkamlanishi koʻzda tutilgan.

Keyingi 3 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti qanday oʻsadi?
Foto: AI / Pinkod.uz

Markaziy bank boshqaruvi 24 oktabrdagi yigʻilishida pul-kredit siyosatining 2026 yil hamda 2027–2028 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari boʻyicha konseptual loyihani tasdiqladi.

Unga koʻra, pul-kredit siyosatining asosiy vazifasi joriy iqtisodiy sharoit va oʻrta muddatli istiqboldagi makroiqtisodiy rivojlanish kutilmalarini inobatga olgan holda narxlar barqarorligini taʼminlashdan iborat. Markaziy bank inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli koʻrsatkichga yetkazishni ustuvor maqsad sifatida belgilagan.

Loyihani tayyorlash jarayonida tashqi va ichki sharoitlarning oʻzgarishiga oid prognozlar, asosiy ssenariy, potensial xatarlar tahlili hamda pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish boʻyicha choralar ishlab chiqildi.

Makroiqtisodiy ssenariy prognozlari

Tashqi iqtisodiy sharoitlar bahosida global iqtisodiyotdagi noaniqliklar saqlanib qolishi va oʻsish surʼatlari past boʻlishi kutilmoqda. Shuningdek, inflyatsiyaning maqsadli darajaga pasayishi uzoqroq vaqt olishi, valyuta bozorida keskin tebranishlar kuzatilmasligi hamda oltin narxlari yuqori darajada qolishi taxmin qilinmoqda.

Ichki omillar boʻyicha esa:

  • yalpi talabning barqarorlashuvi,
  • kreditlash surʼatlarining moʻtadillashuvi,
  • pul oʻtkazmalari oʻsishining normal trayektoriyaga qaytishi,
  • investitsiyalar oqimining barqaror shakllanishi,
  • fiskal taqchillikning YIMga nisbatan 3% dan yuqori boʻlmasligi inobatga olingan.

Asosiy ssenariyga koʻra, 2026 yilda real YaIM oʻsishi 5,5–6,5%,2027–2028 yillarda esa 6–7% darajasida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Markaziy bank hisob-kitoblariga koʻra:

  • 2026 yil yakunida umumiy inflyatsiya 7% gacha pasayadi,
  • 2027 yilda esa maqsadli 5% darajasiga yetadi,
  • 2028 yildan boshlab inflyatsiya 5% atrofida barqarorlashadi.

Bu prognozlar xususiylashtirish jarayonlarining davom etishi, xususiy va xorijiy investitsiyalar hajmining ortishi, kredit bozoridagi sogʻlom oʻsish hamda iqlim xavflarining keskinlashmasligi kabi omillarni nazarda tutadi.

Markaziy bank tashqi va ichki omillardan kelib chiqadigan ehtimoliy xavflarni alohida baholagan boʻlib, ular yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit siyosati qatʼiylik darajasi va muddatlarini mos ravishda oʻzgartirish orqali inflyatsiyani target darajasiga yetkazish ustuvorligi saqlab qolinadi.

Kelgusi yillarda pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish maqsadida operatsion mexanizmni takomillashtirish, makroiqtisodiy prognozlash va tahlil salohiyatini kuchaytirish, kommunikatsiyani esa yanada faol va ochiq olib borish rejalashtirilgan.

“Bu doirada mavjud modellar parametrlari qayta baholanadi, yangi modellar joriy qilinadi hamda pul-kredit siyosati kommunikatsiyasi kuchaytiriladi”, — deyiladi Markaziy bank bayonotida.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+