KDB Bank Uzbekistan boshqaruv raisi Li Yong Lok lavozimini tark etdi
KDB Bank Uzbekistan AJni shu paytgacha boshqarib kelgan Li Yong Lok oʻz xohishiga koʻra vazifasidan ozod etildi va uning oʻrniga “Koreya Taraqqiyot Banki” (KDB) tomonidan Ju Dong Bin nomzodi ilgari surildi.
Yangi rais rasman ish boshlagunga qadar bank boshqaruvi vaqtinchalik Kim Xang Sun zimmasiga yuklatildi.

KDB Bank Uzbekistan aksiyadorlik jamiyatida rahbar almashinuvi yuz berdi. Shu paytga qadar bankni boshqarib kelgan Li Yong Lok oʻz lavozimini tark etdi.
Bank tomonidan eʼlon qilingan buyruqqa koʻra, Li Yong Lok bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2026 yil 23 fevraldan boshlab bekor qilingan. Ushbu qarorga rahbarning oʻz xohishi bilan yozgan arizasi va Bank Kuzatuv kengashining joriy yil 30 yanvardagi yigʻilishi asos boʻlgan.
Li Yong Lok mazkur lavozimda 2023 yil fevral oyidan beri faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Kuzatuv kengashi qarori bilan bank boshqaruv raisi lavozimiga Ju Dong Bin nomzodi maʼqullandi. Uning nomzodi bankning asosiy aksiyadori — “Koreya Taraqqiyot Banki” (KDB) tomonidan tavsiya etilgan.
Yangi rais nomzodi Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanguniga va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishib olingunga qadar, rais vazifasini vaqtincha bajarish boshqaruvchi direktor janob Kim Xang Sun zimmasiga yuklatildi.
Ju Dong Bin hozirda Janubiy Koreyada mashhur moliya rahbari boʻlib, Korea Development Bank (KDB)da Moliyaviy Boshqaruv Boʻlimi ijrochi direktori lavozimida faoliyat yuritmoqda.









