Iyun oyida Toshkent supermarketlaridagi ayrim mahsulotlar narxi arzonladi
Oʻrganish olib borilgan 21 turdagi mahsulotdan 9 tasining minimal narxi pasaygan, 6 tasiniki oshgan va yana 6 tasiniki esa oʻzgarishsiz qolgan.

2025 yilning iyun oyida Toshkent shahridagi yirik supermarketlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida sezilarli oʻzgarishlar kuzatildi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) xabar berdi.
MHTI mutaxassislari tomonidan 2025 yil 7 maydan 12 iyungacha boʻlgan davrda 21 nomdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotining minimal narxlari tahlil qilindi. Tadqiqot natijalariga koʻra:
Narxi pasaygan mahsulotlar:
9 nomdagi mahsulot boʻyicha minimal narxlar oʻtgan oyga nisbatan arzonlashgan:
- Oqbosh karam – 64,2% ga
- Pomidor – 44,7% ga
- Bodring – 36,5% ga
- Lavlagi – 21,5% ga
- Banan – 13,0% ga
- Olma – 8,4% ga
- Guruch – 7,3% ga
- Mol goʻshti (file) – 6,3% ga
- Kartoshka – 6,0% ga
Narxi oshgan mahsulotlar:
6 ta mahsulotning narxida esa oʻsish qayd etilgan. Jumladan, limon narxida eng katta oʻsish kuzatildi, bu esa mavsumiy omillar bilan izohlanmoqda.
Narxi oʻzgarmagan mahsulotlar:
Quyidagi mahsulotlar boʻyicha minimal narxlar oʻzgarishsiz qoldi:
- Bugʻdoy uni
- Grechka
- Makaron
- Tuxum
- Margarin
- Kungaboqar yogʻi
MHTI maʼlumotlariga koʻra, narxlar oʻzgarishiga bozor konʼyunkturasi, mavsumiy taʼminot va logistika omillari taʼsir koʻrsatmoqda.
Avvalroq, may oyida inflyatsiya 2024 yil iyunidan beri eng yuqori darajaga yetgani xabar berilgan edi.
May oyida yillik inflyatsiya 8,7 foizgacha pasayib, soʻnggi 12 oy ichidagi eng past darajaga tushdi. Shu bilan birga, oylik inflyatsiya 1,5 foizni tashkil etib, 2024 yil iyunidan beri eng yuqori darajaga yetdi.