Iyul oyida Oʻzbekistonda deflyatsiya kuzatildi
Oʻzbekistonda iyul oyida isteʼmol tovarlari va xizmatlar narxi oʻrtacha 0,1 foizga pasaydi. Deflyatsiya asosan mavsumiy meva-sabzavotlar arzonlashishi hisobiga yuz berdi, biroq benzin va ayrim xizmatlar qimmatlashishda davom etdi.

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, yillik inflyatsiya 6,4 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich iyun oyiga nisbatan oʻzgarmagan, 2025 yil iyulidagi 8,9 foizga nisbatan esa 2,5 foiz punkt past.
Taqqoslash uchun, 2025 yil iyul oyida narxlar 0,2 foizga pasaygan edi. Demak, bu yilgi deflyatsiya oʻtgan yilning mos oyidagiga nisbatan sustroq boʻldi.
Iyuldagi umumiy pasayishga oziq-ovqat mahsulotlarining 0,9 foizga arzonlashishi sabab boʻldi. Ayni paytda nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foiz, aholiga koʻrsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,5 foizga qimmatlashdi.
Oy davomida baqlajon narxi 42,8 foiz, bulgʻor qalampiri 39,4 foiz va pomidor 24 foizga pasaydi. Shuningdek, tarvuz 20,3 foiz, kartoshka 18 foiz, qovun 14,5 foiz, shaftoli va bodring 10,6 foizdan arzonlashdi.
Bundan tashqari, sarimsoq narxi 10 foiz, nok 7,1 foiz, uzum, olma va banan 6,6 foizdan, tuxum esa 5 foizga tushdi. Mavsumiy mahsulotlardagi ushbu pasayish boshqa tovar va xizmatlar qimmatlashishini qoplab, umumiy indeksni manfiy hududga olib kirdi.
Biroq barcha oziq-ovqat mahsulotlari ham arzonlashmadi. Sabzi narxi bir oyda 12,6 foiz, uzun boshoqli guruch 6,4 foiz, yumaloq boshoqli guruch 6,1 foiz, mosh 4,2 foiz va piyoz 1,7 foizga oshdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari orasida benzin narxining sezilarli koʻtarilishi kuzatildi. AI-98 va AI-100 markali benzin 10 foiz, AI-95 — 8,5 foiz, AI-92 esa 3,9 foizga qimmatlashdi.
Xizmatlar bozorida maishiy chiqindi uchun toʻlov 2,7 foiz, mobil aloqa xizmatlari 2,4 foiz va shahar avtobuslaridagi yoʻl haqi 1,4 foizga oshdi.









