Ipoteka krediti subsidiyasi uchun arizalar 27 iyuldan qabul qilinadi
2026 yil uchun foydalanilmay qolgan ipoteka krediti subsidiyasiga ariza topshirish jarayoni 27 iyul kuni soat 15:00 da boshlanadi.
Arizalar Davlat xizmatlari markazlari, myGov mobil ilovasi hamda my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi.
Subsidiya va uni olish tartibi haqida batafsil maʼlumot bilan Pinkod maqolasida tanishish mumkin:

Ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar olish uchun arizalarni qabul qilish 27 iyul soat 15:00 dan boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Arizalar ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlari doirasida ilgari taqdim etilgan, biroq xabarnoma muddati davomida foydalanilmagan qism hisobidan qabul qilinadi.
Talabgorlar ijtimoiy mezonlar asosidagi baholash tizimida kamida 30 ball toʻplashi hamda kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi banklardan kamida bittasining ichki talablariga mos boʻlishi lozim.
Shuningdek, ariza beruvchining, jumladan uning turmush oʻrtogʻining nomida mamlakat hududida mulk huquqi asosida turar joy boʻlmasligi kerak. Talabgorning oʻrtacha oylik daromadi ham belgilangan mezonlar doirasida boʻlishi talab etiladi.
Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari, myGov mobil ilovasi yoki my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin. Harbiy xizmatchilar esa arizani bevosita Davlat xizmatlari markazlari orqali topshiradi.
Ariza topshirish va baholash jarayonida OneID tizimi orqali banklarga kredit tarixini tekshirish uchun ruxsat berilgan boʻlishi kerak. Agar kredit tarixini olishga vaqtinchalik cheklov qoʻyilgan boʻlsa, banklar uni oʻrganolmaydi va ariza rad etilishi mumkin.
Dasturda ishtirok etuvchi banklar:
Agrobank
Aloqabank
Asakabank
Asia Alliance Bank
Biznesni rivojlantirish banki
Hamkorbank
Ipak Yuli Bank
Ipotekabank
Mikrokreditbank
Orient Finans Bank
Trastbank
Turonbank
Xalq banki
Oʻzmilliybank
Oʻzsanoatqurilishbank
Ariza beruvchi oʻz xohishiga koʻra daromad hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining daromadlarini ham qoʻshishi mumkin.
Talabgor va uning yaqin qarindoshlarining oʻrtacha oylik daromadi quyidagi chegaralarda boʻlishi kerak:
Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (3,431 mln — 10,168 mln soʻm)
Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha (3,431 mln — 11,693 mln soʻm)
Subsidiya va uni olish tartibi haqida batafsil maʼlumot bilan Pinkod maqolasida tanishish mumkin:
Uy-joy xaridi uchun subsidiya olish tartibi qanday?









