12 931.940 so‘m

decrease

-8.170

14 107.450 so‘m

increase

51.900

150.180 so‘m

increase

4.560

12 931.940 so‘m

decrease

-8.170

26-fevral, 11:36
FinLit

Investitsiya qilishda risklarini qanday qilib kamaytirish mumkin?

Investitsiya – bu daromad olish imkoniyatlarini kengaytiruvchi jarayon boʻlib, u maʼlum xavf-xatarlarni ham oʻz ichiga oladi, biroq toʻgʻri strategiya, puxta rejalashtirish va diversifikatsiya orqali ushbu risklarni kamaytirish mumkin.

Investitsiya qilishda risklarini qanday qilib kamaytirish mumkin?
Foto: AI / Pinkod.uz

Investitsiya – bu daromad olish imkoniyatini yaratadigan jarayon boʻlishi bilan birga, muayyan xavf-xatarlarni ham oʻz ichiga oladi. Har qanday sarmoya maʼlum darajada noaniqlikka ega boʻlib, barcha risklarni oldindan aniq bashorat qilishning har doim ham imkoni mavjud emas. Biroq, toʻgʻri strategiya va puxta rejalashtirish orqali bu xavflarni sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Ushbu maqolada aynan shu usullar haqida soʻz yuritamiz.

Diversifikatsiya – kapitalni taqsimlash

Investitsiya qilishda xavflarni kamaytirishning eng samarali usullaridan biri diversifikatsiya hisoblanadi. Yaʼni, kapitalni turli sohalar, aktiv turlari va geografik hududlar boʻylab taqsimlash orqali yoʻqotishlar kamaytiriladi. Masalan, aksiyalarga sarmoya kiritish rejalashtirilgan boʻlsa, bitta kompaniyaning qimmatli qogʻozlarigina emas, balki turli sanoatlarga mansub kompaniyalar aksiyalarini xarid qilish mumkin. Bundan tashqari, investitsiya portfeliga koʻchmas mulk, qimmatbaho metallar yoki bank omonatlari kabi boshqa aktivlarni qoʻshish xavflarni yanada muvozanatlashga yordam beradi.

Diversifikatsiya, ayniqsa, bozor keskin oʻzgarayotgan paytlarda katta ahamiyat kasb etadi. Biror sektor yoki aktiv qiymati pasaygan taqdirda, boshqa sektor yoki aktivlar orqali zarar qoplash imkoni paydo boʻladi.

Fundamental va texnik tahlil

Investitsiya qilishdan avval puxta tahlil oʻtkazish juda muhim. Bunda ikki asosiy tahlil turi mavjud:

  • Fundamental tahlil

Bu usul kompaniyaning moliyaviy holati, daromadlari, qarzdorlik darajasi va bozor tendensiyalarini oʻrganish orqali uning uzoq muddatli istiqbolini baholashga yordam beradi.

Misol uchun, Tesla aksiyalarini sotib olmoqchi boʻlsangiz, kompaniyaning oʻtgan yilgi daromadi qanday boʻlganini, bu yil bozorda talab qanchalik yuqori ekanini va raqobatchilar bilan solishtirganda kompaniyaning oʻsish salohiyati qanday ekanini tahlil qilishingiz lozim.

  • Texnik tahlil

Bu usul bozor narxlari va savdo hajmlarining tarixiy maʼlumotlarini tahlil qilib, kelajakdagi narx harakatlarini taxmin qilish imkonini beradi.

Masalan, maʼlum bir kripto-aktivga sarmoya kiritishdan avval uning soʻnggi 24 soat ichidagi narx oʻzgarishlarini, qoʻllab-quvvatlash va qarshilik darajalarini hamda texnik indikatorlarni tahlil qilish muhimdir. Bu sizga qachon sotib olish yoki sotish uchun eng qulay vaqtni aniqlashga yordam beradi.

Shu bois, investitsiya qilishdan oldin aktivlarning bozor holatini chuqur tahlil qilish, kompaniyalarning moliyaviy koʻrsatkichlarini sinchiklab oʻrganish va global iqtisodiy jarayonlarga eʼtibor qaratish zarur.

Risklarni taqqoslash

Har qanday investitsiya maʼlum darajadagi xavflarni oʻz ichiga olib, ular mavjud strategiyaga muvofiq baholanishi lozim. Risklarni kamaytirish maqsadida investitsiya portfelini past va oʻrta xavfli aktivlar bilan diversifikatsiya qilish maqsadga muvofiqdir. Investitsiya strategiyasini ishlab chiqishda asosiy omillar sifatida muddat, risklarga nisbatan chidamlilik va likvidlik darajasi eʼtiborga olinishi kerak.

Qisqa muddatli aktivlar yuqori likvidlilikni taʼminlab, tezkor daromad olish imkonini beradi, uzoq muddatli investitsiyalar esa barqarorlik va uzoq muddatli kapital oʻsishini kafolatlaydi. Masalan, qisqa muddatli investitsiyalarga bank omonatlari, uzoq muddatli investitsiyalarga esa koʻchmas mulk xaridi misol boʻla oladi. Shuningdek, investitsiya qilingan aktivlarni zarurat tugʻilganda tezda sotish imkoniyati ham muhim omillardan biri hisoblanadi.

Investitsiyalarni davriy monitoring qilish

Investitsiyalarni muntazam ravishda kuzatib borish ularning bozor sharoitlariga qanday taʼsirlanayotganini baholash va muqobil strategiyalar ishlab chiqish imkonini beradi. Bunda bozor tendensiyalarini oʻrganish, aktivlarning joriy qiymatini baholash, ularning daromadliligini tahlil qilish hamda moliyaviy yangiliklar va global iqtisodiy koʻrsatkichlarni kuzatish muhim ahamiyat kasb etadi. 

Misol uchun hozirda qisqa muddatli daromad qilish uchun bank omonatlari, uy-joy sarmoyasidan koʻra foydaliroqdir. Shunday bozor yangiliklarini muntazam kuzatadigan investor qaysi investitsiya turi ayni damda foydaliroq ekanligini aniqroq tushunadi.

Investitsiyada keng tarqalgan xatolardan biri – hissiyotlar taʼsirida qaror qabul qilishdir. Koʻpchilik bozor tebranishlari paytida vahimaga tushib, aktivlarini zarariga sotadi. Masalan, 2022 yilda Bitcoin narxi 20 000 dollardan pastga tushib ketganda koʻplab investorlar oʻz aktivlarini sotib yuborgan edi, biroq oradan ikki yil oʻtib, uning narxi 100 000 dollarni oshib oʻtdi

Shu sababli, investitsiya qarorlarini qabul qilishda qisqa muddatli oʻzgarishlarga berilmasdan, chuqur tahlil va uzoq muddatli strategiyaga tayanish talab qilinadi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+