Insonlarsiz sanʼat: Spotify’da AI yaratgan guruh qariyb bir oyda millionga yaqin tinglovchi yigʻdi
Spotify’da sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan “The Velvet Sundown” guruhi atigi bir oy ichida millionga yaqin tinglovchi yigʻib, musiqa sanoatida shov-shuvga sabab boʻldi. Guruh ortida sanʼatkorlar emas, balki generativ AI turibdi. Bu esa sanʼat va texnologiya chegaralari tobora xiralashib borayotganini koʻrsatmoqda.

Sanʼat asari yaratish ming yillar davomida insoniyatga xos xislat sifatida qaralgan. Unga erishish uchun ijodkorlik va inson tafakkuri zarur deb hisoblangan. Garchi tarix davomida turli xil ixtirolar yaratilgan boʻlsa-da, ularning hech biri insonsiz musiqa, kitob, film yoki boshqa sanʼat shakllarini yaratishga qodir emas edi.
Biroq, texnologik taraqqiyot shunday bosqichga yetib keldiki, endilikda inson ishtirokisiz ham sanʼat asari yaratish mumkin boʻlib qoldi. Bu texnologiyaning nomi — sunʼiy intellekt. Bugungi kunda sunʼiy intellekt mashinalarga inson ijodini taqlid qilishni oʻrgatmoqda.

Yaqinda Spotify platformasida yuz bergan voqea bunga yorqin misol boʻla oladi. “The Velvet Sundown” deb nomlangan yangi guruh iyun oyida Spotify’da debyut qilib, qisqa vaqt ichida yarim milliondan ortiq tinglovchiga ega boʻldi. Ammo barcha belgilari shuni koʻrsatadiki, bu guruh aslida mavjud emas — u toʻliq sunʼiy intellekt mahsuli.
Koʻplab sanʼatkorlar sunʼiy intellektdan foydalanishga keskin qarshi boʻlishsa-da, ayrimlari uni musiqa ishlab chiqarish jarayonida foydali vosita sifatida qabul qilmoqda. Biroq “The Velvet Sundown” guruhining orqasida haqiqiy ijodkor turgandek koʻrinmaydi. Bir oy ichida guruh Spotify’da “Floating On Echoes” va “Dust and Silence” nomli ikkita albom chiqardi. Yana ikki haftadan soʻng uchinchi albomning taqdim etilishi kutilmoqda. Treklar klassik rok uslubida boʻlib, aks-sado effekti, sintetik cholgʻular va avtotyun elementlari bilan boyitilgan. Ularni alohida-alohida tinglaganda farq sezilmasligi mumkin, ammo ketma-ket tinglaganda qoʻshiqlarning mazmun jihatdan sayozligi va bir xilligi ularning sunʼiy intellekt tomonidan yaratilganini oshkor qiladi.
Oʻtgan haftalarda Reddit va X (sobiq Twitter) platformalarida foydalanuvchilar bu guruhning haqiqiyligi borasida shubhalana boshladilar. Guruh biografiyasida toʻrtta aʼzo haqida maʼlumot keltirilgan boʻlsa-da, bu shaxslar guruh albomlari va ijtimoiy tarmoqlardan tashqarida mavjud emasdek koʻrinadi.
Shunga qaramay, “The Velvet Sundown” qoʻshiqlari Spotify foydalanuvchilari tomonidan yaratilgan turli pleylistlarga kiritilib, tinglovchilar soni keskin oshib bordi. Sunʼiy intellektdan foydalanilganlik taxminlari paydo boʻlgan paytda guruhning 300 mingga yaqin tinglovchisi bor edi, oradan bir hafta oʻtmay bu raqam 500 mingdan oshib ketdi. Hozir esa bu koʻrsatkich 850 mingdan ortgan.
Guruh “aʼzolari” sifatida quyidagilar koʻrsatilgan: qoʻshiqchi va mellotron ijrochisi Geyb Ferrou, gitarachi Lenni Vest, teksturali sintetik tovushlar muallifi Maylo Reyns hamda zarbli cholgʻuchi Orion “Rio” Del Mar. 27 iyun kuni ochilgan Instagram sahifada bu "aʼzolar"ning sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgani aniq koʻzga tashlanadi. Yakshanba kuni joylangan suratda guruh aʼzolari mashhur The Beatles’ning 1969-yildagi “Abbey Road” albomi muqovasini sunʼiy uslubda qayta gavdalantirgan.
