Ilon Maskni SpaceX’dan faqat uning oʻzi ishdan boʻshatishi mumkin
Ilon Maskni oʻzining shaxsiy roziligisiz SpaceX’dan haydab boʻlmaydi. Reuters oʻrganib chiqqan IPO hujjatlariga koʻra, milliarder asoschi oʻz lavozimini mutlaq kafolatlaydigan shartlarni belgilab qoʻygan. Kompaniya IPO’ga chiqqanidan soʻng ham uning ixtiyorida qoladigan maxsus toifadagi aksiyalar Maskka oʻzini oʻzi ishdan boʻshatish boʻyicha har qanday urinishlarga “veto” qoʻyish (taqiqlash) huquqini beradi.

SpaceX potensial sarmoyadorlarga Ilon Maskni kompaniya asoschisi sifatida oʻz roziligisiz bosh direktor va direktorlar kengashi raisi lavozimidan chetlatish amalda imkonsiz ekanini maʼlum qildi. Bu haqda Reuters oʻrganib chiqqan IPO hujjatlarida keltirilgan.
Hujjatga koʻra, Maskni direktorlar kengashi yoki rahbarlik lavozimlaridan faqat B toifasidagi aksiyalar egalari ovozi orqali chetlatish mumkin. Ushbu aksiyalar har biri oʻnta ovoz berish huquqiga ega boʻlgan maxsus (imtiyozli) aksiyalar boʻlib, IPO’dan keyin ularning asosiy qismi aynan Mask nazoratida qoladi. Bu esa, uni lavozimidan olish masalasi koʻtarilganda, yakuniy qarorga amalda uning oʻzi taʼsir koʻrsatishini anglatadi.
Agar Mask uzoq muddat davomida ushbu aksiyalarning sezilarli qismini saqlab qolsa, u direktorlar kengashi tarkibini shakllantirish va aʼzolarni almashtirish jarayonini ham nazorat qilish imkoniga ega boʻladi.
Mazkur mexanizm SpaceX IPO doirasida joriy etilishi rejalashtirilgan ikki toifali aksiyalar tizimiga asoslanadi. Bunday model ochiq bozorga chiqayotgan, asoschilari faol boshqaruvda qolayotgan texnologik kompaniyalar orasida keng tarqalgan boʻlib, uning asosiy maqsadi — asoschilar va ilk investorlarning nazoratini oddiy aksiyadorlarga nisbatan mustahkamlashdan iborat.
Shu bilan birga, odatda bunday tuzilmalarda ham direktorlar kengashi bosh direktorni lavozimidan ozod etish boʻyicha rasmiy vakolatni saqlab qoladi. Yaʼni, asoschilar kuchli ovoz berish huquqi orqali qarorlarga taʼsir oʻtkazsalar-da, protsessual jihatdan vakolat kengashga tegishli boʻladi.
Korporativ boshqaruv boʻyicha mutaxassislar taʼkidlashicha, Maskka berilayotgan ushbu keng vakolatlarning real taʼsiri SpaceX’ning taʼsis hujjatlarida qanday mustahkamlangani bilan belgilanadi.
Umuman olganda, mazkur shartlar Maskka uni lavozimidan chetlatishga qaratilgan har qanday urinishni amalda bloklash, yaʼni veto qilish imkonini beradi.









