Ilon Mask boyligi $500 mlrdga yetgan tarixdagi birinchi insonga aylandi
Maskning boyligi asosan Tesla, SpaceX va xAI kompaniyalaridagi ulushlari hamda aksiyalar qiymatining oʻsishi bilan bogʻliq.

Tesla bosh direktori Ilon Mask boyligi $500 mlrdga yetgan tarixdagi ilk insonga aylandi. Bunga elektromobil kompaniyasi aksiyalarining qayta tiklanishi va tadbirkorning boshqa startaplari qiymatining oshishi sabab boʻldi.
Forbes milliarderlari reytingiga koʻra, Maskning boyligi $500,1 mlrdni tashkil etdi. Ayni paytda esa uning boyligi biroz pasaygan.
Maskning boyligi asosan Tesla bilan bogʻliq. U 15-sentabr holatiga koʻra kompaniyada 12,4 foizdan ortiq ulushga ega edi. Kompaniya aksiyalari qiymati yil boshidan beri 14 foizdan koʻproqqa oshdi va chorshanba kuni 3,3 foizga koʻtarildi. Bu esa Maskning boyligiga qoʻshimcha $6 mlrd olib keldi.
Yil boshida ogʻir davrni boshidan kechirgan boʻlsa-da, Tesla aksiyalari keyingi oylar davomida oʻsish yoʻliga qaytdi. Bunga Maskning oʻz kompaniyalariga yana koʻproq eʼtibor qaratishi sabab boʻldi. Tesla kengashi raisi Robin Denholm oʻtgan oy Maskning bir necha oy Oq uyda vaqt oʻtkazgach, yana kompaniya markazida ekanini aytgan edi.
Oradan bir necha kun oʻtib, Mask Tesla aksiyalarini qariyb $1 mlrdlik sotib olganini maʼlum qildi. Bu kompaniya kelajagiga boʻlgan ulkan ishonch belgisi sifatida qabul qilindi, chunki Tesla avtomobil ishlab chiqaruvchidan sunʼiy intellekt va robototexnika gigantiga aylanish yoʻlida harakat qilmoqda.
Maskning sunʼiy intellekt startapi xAI va raketa kompaniyasi SpaceX ham joriy yilda sezilarli darajada qimmatlashdi.
xAI kompaniyasi iyul oyida $75 mlrdga baholangan edi. CNBC esa sentabrda kompaniya yangi investitsiya raundidan keyin qiymatini $200 mlrdga yetkazishi mumkinligini xabar qildi. Biroq Mask oʻsha paytda kapital jalb qilinmayotganini aytgan edi.
Bloomberg esa iyul oyida SpaceX yangi mablagʻ yigʻish va ichki aksiyalarni sotish boʻyicha rejalar muhokama qilayotganini, kompaniya qiymati $400 mlrd atrofida baholanayotganini xabar qilgan edi.
Forbes roʻyxatida Maskdan keyingi oʻrinda Oracle asoschisi Larri Ellison turibdi. Uning boyligi $350,7 mlrd deb qayd etilgan. Uchinchi oʻrinni esa 245,8 mlrd boylik bilan Mark Sukerberg egallagan.