Ilon Mask Apple va OpenAI’ni sudga berdi
Ilon Maskning X va xAI kompaniyalari Apple va OpenAI’ni iPhone’larda faqat ChatGPT’ni qoʻllab, raqobatni cheklaganlikda ayblab sudga murojaat qildi. Kompaniyalar milliardlab dollar tovon puli hamda Apple va OpenAI oʻrtasidagi kelishuvni bekor qilishni soʻramoqda.

Ilon Mask oʻzining X va xAI kompaniyalari orqali Apple va OpenAI’ni Texasdagi federal sudga berdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Ularning aytishicha, Apple iPhone’larda faqat OpenAI’ning ChatGPT chatbotini qoʻllash orqali sunʼiy intellekt bozorida raqobatni cheklayapti va odamlarni tanlov huquqidan mahrum qilmoqda.
Maskning advokatlari daʼvo arizasida yozishicha, Apple va OpenAI oʻzaro kelishuvga erishib, iPhone operatsion tizimiga ChatGPT’ni yagona generativ AI chatbot sifatida qoʻshgan. Natijada boshqa chatbotlar App Store reytingida yuqoriga chiqolmayapti, bu esa yangi ilovalar va innovatsiyalar paydo boʻlishiga toʻsqinlik qilmoqda.
Mask bu orqali milliardlab dollar zarar koʻrganini aytib, tovon puli talab qilmoqda. Bundan tashqari, suddan Apple va OpenAI oʻrtasidagi kelishuvni bekor qilishni ham soʻrayapti.
OpenAI vakillari bu ayblovlarni rad etib, bu holatni “Maskning doimiy hujumlari” deb atagan. Apple esa hozircha izoh bermadi.
Apple bundan oldin ham bir necha marta monopoliyachilikda ayblangan. Masalan, 2023 yilda AQSh Adliya vazirligi kompaniyani iPhone’larda boshqa ishlab chiquvchilarga imkoniyat bermaslikda sudga bergan edi. Shuningdek, Apple Fortnite oʻyini ishlab chiqaruvchisi Epic Games bilan ham besh yildan beri App Store qoidalari ustidan sudlashib kelmoqda.
Ilon Maskning bu daʼvosi esa yana bir bor Apple’ning bozor ustunligi va raqobatni cheklash usullarini muhokama markaziga olib chiqdi. Sud jarayoni yaqin oylar ichida Texasning Fort-Uort shahrida boshlanishi kutilmoqda.