Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilganlarga 12% miqdorida oshirilgan keshbek beriladi
Keshbek 9 turdagi mahsulotlar — qoʻy goʻshti, parranda goʻshti, mol goʻshti, tuxum, oʻsimlik yogʻi, un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlar xaridi uchun taqdim etiladi.
Davlat tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga yordam berish maqsadida, Soliq mobil ilovasi orqali odatiy 1% emas, balki oshirilgan 12% miqdorda keshbek olish imkoniyati mavjud.
Ijtimoiy keshbek “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslarga, chakana savdo obʼektlaridan ayrim tovarlarni sotib olganida xarid summasidan 1% miqdordagi keshbek oʻrniga, 12% QQS summasini qaytarish orqali beriladi.
Bugungi kunda qoʻy goʻshti, parranda goʻshti, mol goʻshti, tuxum, oʻsimlik yogʻi, un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlar uchun QQS qaytariladi.
Buning uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan isteʼmolchi Soliq ilovasini yuklab olib, Face ID yordamida roʻyxatdan oʻtadi va ilovada xarid chekining QR-kodini skanerlashi kerak. “Ijtimoiy keshbek”ni “Keshbek va imtiyozlar” boʻlimida kuzatib borish mumkin.
QQS qaytarishda quyidagilar hisobga olinadi:
- xarid qilingan tovar QQS qaytariladigan mahsulotlar roʻyxatiga kiritilganligi;
- xaridor “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganligi;
- tadbirkor QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtganligi.
Mazkur keshbek “Ijtimoiy himoya reyestri”dagi fuqarolarga oyiga 3,4 mln soʻm (BHMning 10 baravari) miqdoridagi xaridlar doirasida qaytariladi;
QQS summasini chek roʻyxatdan oʻtkazilgan oydan keyin oyning 25-sanasidan soʻng Soliq mobil ilovasi orqali qaytarib olish mumkin