Ijara yoki ipoteka: qaysi biri foydaliroq?
Pinkod har ikkala variantning oʻziga xos afzalliklari va kamchiliklarini hisoblab, qaysi birini tanlash moliyaviy jihatdan foydaliroq ekanligini aniqlashga harakat qildi.

Toshkent shahrida uy-joy masalasi koʻpchilik uchun dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi.
Poytaxtda oʻrtacha taʼmirlangan 2 xonali xonadonni ijaraga olish bugungi kunda 400 dollar atrofida, yaʼni hozirgi kurs boʻyicha taxminan 5,176,000 soʻmni tashkil etadi. Ijara narxlari har yili inflyatsiya hisobiga oʻrtacha 10% ga oshib boradi. Shu sababli, uzoq muddatda bu raqam ancha kattalashishi mumkin.
Ipoteka kreditlari esa davlat tomonidan hozirda 19,5% foiz stavkasi bilan 20 yilgacha muddatga taqdim etiladi. Toshkent shahrida kredit miqdori 800 million soʻmgacha belgilangan, boshlangʻich toʻlov esa oʻrtacha 25% atrofida boʻladi. Biroq, ayrim hollarda birlamchi bozordan uy-joy xarid qilinganda, uni topshirish muddati 1,5-2 yilgacha choʻzilishi mumkin. Bu esa xonadon topshirilguncha baribir ijarada turish kerak ekanligini anglatadi.
Biz ipoteka krediti uchun misol tanlashda eng qulay shartdagi, haqiqiy uy xarid qilishga yetadiganini tanlab oldik. Banklarda bundan yuqori yoki past foiz shartlari ham mavjud.
Qaysi biri foydali ekanligini hisoblashdan avval ikkala variantining ham afzallik va kamchiliklariga yuzlanib oʻtsak maqsadga muvofiq boʻladi.
Ijara
Afzalliklari:
- Boshlangʻich toʻlov talab etilmaydi – ijarada yashash uchun katta miqdorda dastlabki toʻlov qilish shart emas. Bir oylik toʻlov bilan uyga kirib yashash mumkin.
- Harakatlanish erkinligi – agar boshqa joyga koʻchish zarurati tugʻilsa, ijarachi uchun bu hech qanday muammo tugʻdirmaydi. Xohlagan vaqtda yashash joyini oʻzgartirish imkoniyati mavjud.
- Uy egaligiga bogʻliq masʼuliyatlar yoʻq – uyga texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va shu kabi ishlar bilan uy egasi shugʻullanadi.
Kamchiliklari:
- Ijara narxlarining doimiy oʻsishi – ijara narxlari har yili taxminan 10-11% ga oshib boradi. Masalan, 5 yildan keyin 400 dollarlik ijara 650-700 dollarga (8 400 000 – 9 000 000 soʻm) yetishi mumkin.
- Uzoq muddatda foydasiz xarajat – 20 yil ijara toʻlasangiz, millionlab soʻm sarflaysiz, lekin uy sizniki boʻlib qolmaydi. Masalan, 20 yilda ijara haqqini oʻrtacha 800 dollardan (10 352 000 soʻm) hisoblagan taqdirimizda ham, umumiy xarajat 2,4 milliard soʻmdan oshadi.
- Ijara shartlari oʻzgarishi mumkin – uy egasi shartnomani bekor qilishi yoki ijara toʻlovini vaqt oʻtishi bilan oshirishi mumkin.
Ipoteka
Afzalliklari:
- Kelajakda oʻz uyiga ega boʻlish imkoniyati – 20 yil toʻlovdan soʻng uy toʻliq sizniki boʻladi. Toshkentda uy-joy narxlari oʻsib borayotganini hisobga olsak, bu sarmoya sifatida ham foydali.
- Oʻz mulkiga egalik qilish hissi – ipoteka kreditida xaridor uyidan istalgancha foydalanishi va uni oʻz didiga mos tarzda jihozlay oladi.
- Uy qiymatining oshishi – vaqt oʻtishi bilan koʻchmas mulk narxi koʻtariladi, bu esa moliyaviy jihatdan foydali boʻlishi mumkin.
Kamchiliklari:
- Boshlangʻich toʻlovning yuqoriligi – biz tanlagan variantda oʻrtacha 25% boshlangʻich toʻlov talab qilinadi, bu esa koʻpchilik uchun katta mablagʻdir.
- Uzoq muddatli majburiyat – 600 mln soʻm kreditni 19,5% foiz bilan 20 yilga olsangiz, oylik toʻlov deyarli 10 mln soʻm boʻladi (hisob foiz stavkasi va boshlangʻich toʻlov miqdoriga qarab oʻzgarishi mumkin). Bu esa rasmiy daromadingiz yuqori boʻlishini talab qiladi.
- Yangi uylarning birdan topshirilmasligi – qurilish kompaniyalari baʼzan uyni xaridorga 1,5-2 yil ichida yetkazib berishi mumkin.
Qaysi biri foydaliroq?
Ijara: 20 yilda oʻrtacha 3,5 milliard soʻm sarflaysiz, lekin uy sizniki boʻlmaydi.
Ipoteka: 20 yilda 2,3 mlrd soʻmdan koʻproq toʻlaysiz (foizlar bilan), lekin uy sizniki boʻladi. Agar uy narxi oshsa, bu foydali sarmoyaga aylanadi.
Har bir variant oʻziga xos afzallik va kamchiliklarga ega. Agar shaxs qisqa muddatga yashashni rejalashtirayotgan boʻlsa va moliyaviy jihatdan barqaror boʻlishni xohlasa, ijara yaxshiroq tanlov boʻladi. Biroq, uzoq muddatli istiqbolda, agar doimiy yashash uchun uy izlanayotgan boʻlsa, ipoteka yaxshiroq yechim boʻlib xizmat qiladi.