HUMO toʻlov tizimi 2025 yil birinchi yarmida rekord darajada sof foyda oldi
Eʼlon qilingan hisobotga koʻra, kompaniya yanvar-iyun oylarida 124,3 mlrd soʻm sof foyda olgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 52,4 mlrd soʻm yoki 73 foizga koʻproqdir.

HUMO toʻlov tizimi 2025 yilning birinchi yarmida rekord darajada sof foyda oldi. Bu haqda kompaniyaning olti oylik yakunlari boʻyicha taqdim etilgan hisobotida keltirilgan.
Hisobotga koʻra, kompaniya yanvar-iyun oylarida 124,3 mlrd soʻm sof foyda olgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 52,4 mlrd soʻm yoki 73 foizga koʻproqdir.
HUMO 2024 yil davomida jami 167,3 milliard soʻm sof foyda koʻrgan edi. Bundan kelib chiqadiki, kompaniya joriy yilning dastlabki yarmidanoq oʻtgan yilgi umumiy foyda darajasiga deyarli yetib oldi.
Ushbu davr mobaynida kompaniyaning sof tushumida ham sezilarli darajada oʻsish kuzatildi. Mazkur koʻrsatkich 60 foizga oʻsib, 224,9 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Shuningdek HUMO’ning administrativ xarajatlari 18,74 mlrd soʻmga teng boʻldi.
Mavzuga doir: HUMO toʻlov tizimi dastlabki uch oyda 48 mlrd soʻm sof foyda oldi
Shuningdek, kompaniyaning taqsimlanmagan sof foydasi ham ortdi. Hisobot davri boshidan beri bu koʻrsatkich 76,2 mlrd soʻmga oshib, 327,6 mlrd soʻmga yetdi.
1 iyul holatiga koʻra, kompaniyaning jami aktivlari 574,7 milliard soʻmni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich yil boshidan beri 80,66 milliard soʻmga oshgan.
Shuningdek, kompaniya tomonidan 13,8 milliard soʻm daromad soligʻi toʻlangan.
Maʼlumot oʻrnida, yil boshida HUMO toʻlov tizimi Paynet kompaniyasi tomonidan 65 million dollarga sotib olingan edi.