“Hamkorbank” Toshkent markazidagi Qurilish vazirligi binosini qariyb 200 mlrd soʻmga sotib oldi
“Hamkorbank” Toshkent markazida joylashgan Qurilish vazirligining binosini 196,6 mlrd soʻmga xarid qildi. Bino nafaqat markaziy hududda, balki yirik bank ofislari va Tashkent City majmuasiga yaqin joylashgani bilan ham ahamiyatli hisoblanadi.

Qurilish vazirligining poytaxt markazidagi binosi ikkinchi marotaba sotildi. Bu safargi auksionda 196,6 mlrd soʻmlik taklif bilan “Hamkorbank” gʻolib boʻldi.
Bino Abdulla Qodiriy va Abay koʻchalari kesishmasida, Oʻrda massivi hududida joylashgan. Uning yaqinida “Turonbank” ofisi, Yosh tomoshabinlar teatri hamda Toshkent shahar soliq boshqarmasi binosi bor.
Shuningdek, yaqin hududda “Agrobank”, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Aloqabank”, “Asakabank” va BRB ofislari joylashgan. Tashkent City majmuasi ham ushbu hududga yaqin boʻlib, u yerda ham bir qator banklarning xizmat koʻrsatish nuqtalari mavjud.
Obʼektning umumiy maydoni 11 725 kvadrat metrni tashkil etadi. Unga tutash yer maydoni esa 0,48 gektarga teng. Binoda elektr energiyasi, gaz, suv taʼminoti va kanalizatsiya kabi barcha asosiy kommunikatsiyalar mavjud.
Lotning yangi boshlangʻich narxi 187,238 mlrd soʻm etib belgilangan. Savdo yakunida “Hamkorbank” 196,6 mlrd soʻmlik narx taklifi bilan binoni xarid qildi.
Lot ilk bor 2025 yil noyabr oyida davlat organlari binolarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq savdoga qoʻyilgan edi. Dekabr oyida oʻtkazilgan auksionda “Oʻzshahar Qurilish Invest” qurilish kompaniyasi 182,47 mlrd soʻmlik taklif bilan gʻolib boʻlgan.
Oʻshanda bino 130,3 mlrd soʻmlik boshlangʻich narx bilan sotuvga chiqarilgan. Lotni boʻlib-boʻlib toʻlashimkoniyatit ham mavjud boʻlgan.
Avvalroq polshalik bankir Rafal Yushchak “Hamkorbank” boshqaruv raisi etib tayinlangani xabar qilingan edi.









