“Hamkorbank” aksiyalari bir yilda toʻrt barobardan koʻproqqa qimmatlashdi
10 avgust kuni “Hamkorbank” aksiyalari narxi savdolar davomida qariyb 20 foizga oshib, 114,56 soʻmgacha yetdi. Soʻnggi bitim narxida bankning bozor kapitalizatsiyasi 13,28 trln soʻm yoki 1,11 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Bank aksiyalari yil boshidan buyon 146,5 foizga, soʻnggi 12 oyda esa 312 foizga qimmatlashdi.

“Toshkent” Respublika fond birjasi maʼlumotiga koʻra, 10 avgust kuni “Hamkorbank” (birja tikeri — HMKB) aksiyalari boʻyicha savdolar 95,49 soʻmdan boshlangan. Kun davomida narx 114,56 soʻmgacha koʻtarilib, avvalgi savdo kuniga nisbatan qariyb 20 foizlik oʻsishni qayd etgan.
Soʻnggi bitim esa 105,98 soʻmdan tuzilgan. Shu tariqa, aksiyalar 7 avgustdagi 95,49 soʻmlik narxga nisbatan 11 foizga qimmatlashdi. Kun davomida 379 ming dona aksiya 39,4 mln soʻmga sotilgan.
Taqqoslash uchun, HMKB aksiyalari 2025 yilni 43 soʻmlik narx bilan yakunlagan edi. Hozirgi soʻnggi bitim narxidan kelib chiqilsa, yil boshidan buyon oʻsish 146,5 foizni tashkil etadi. Kunlik maksimum boʻyicha esa qimmatlashish 166 foizdan oshadi.
Soʻnggi 12 oydagi oʻsish esa 312 foizni tashkil etdi. Shu tariqa, bir yil ichida aksiya qiymati toʻrt barobardan koʻproqqa oshdi.

Oʻsish ayniqsa soʻnggi oʻn kun ichida tezlashdi. 31 iyul kuni aksiyalar boʻyicha soʻnggi bitim 79 soʻmdan tuzilgan edi. Shundan buyon qimmatli qogʻozlar 34,2 foizga, kunlik maksimum bilan hisoblaganda esa 45 foizga qimmatlashdi.
Natijada bankning oddiy aksiyalari boʻyicha bozor kapitalizatsiyasi soʻnggi bitim narxida 13,28 trln soʻm yoki 1,11 mlrd dollarga yetdi. Kun davomida qayd etilgan eng yuqori narx boʻyicha esa bu koʻrsatkich 14,35 trln soʻm yoki 1,2 mlrd dollarni tashkil etadi.
Kotirovkalar oʻsishi bankning moliyaviy natijalari keskin yaxshilangani fonida yuz bermoqda. “Hamkorbank” 2026 yilning birinchi yarmini 970 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunladi. Bu bir yil oldingi 393,4 mlrd soʻmga nisbatan 2,5 baravar koʻp.
Bank aktivlari bir yil ichida 39,6 foizga oshib, 41,31 trln soʻmga, sof kredit portfeli esa 51,2 foizga koʻpayib, 29 trln soʻmga yetgan. Xususiy kapital 38,2 foizga oʻsib, 7,67 trln soʻmni tashkil etdi.
Biroq narxdagi keskin oʻsish savdo hajmiga nisbatan juda katta. 10 avgust kuni sotilgan 379 ming dona aksiya bankning muomaladagi 125,3 mlrd dona oddiy aksiyasining atigi 0,0003 foiziga teng. Shu sababli soʻnggi bitim asosida hisoblangan kapitalizatsiya bankning barcha aksiyalarini ayni narxda sotish mumkinligini anglatmaydi.









