Hamkorbank 2026 yilning birinchi yarim yilligida 970 mlrd soʻm sof foyda oldi
Bankning sof foydasi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 20,2 foizga oshdi. Yarim yillik yakunida Hamkorbank aktivlari 41,3 trln soʻmga, kredit va lizing portfeli esa 29 trln soʻmga yetdi.

Hamkorbank 2026 yilning yanvar–iyun oylariga oid moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.
Hisobotga koʻra, bank birinchi yarim yillikda 969,96 mlrd soʻm sof foyda olgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 163,2 mlrd soʻm yoki 20,2 foizga koʻproq. Taqqoslash uchun, 2025 yilning dastlabki olti oyida bankning sof foydasi 806,8 mlrd soʻmni tashkil qilgan edi.
Joriy yilning birinchi choragida Hamkorbank 467,7 mlrd soʻm, ikkinchi chorakning oʻzida esa 502,3 mlrd soʻm sof foyda olgan.
Olti oy davomida bankning foizli daromadlari 2,99 trln soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 21,5 foizga oshdi. Foizli xarajatlar esa 13,9 foizga koʻpayib, 1,52 trln soʻmga yetdi.
Foizsiz daromadlar 33,7 foizga oʻsib, 2,81 trln soʻmni tashkil etdi. Shu bilan birga, foizsiz xarajatlar 57 foizga oshib, 1,51 trln soʻmga yetgan.
Mazkur davrda Hamkorbank xodimlarning ish haqi va boshqa xarajatlariga 790 mlrd soʻm sarflagan. Bankning jami operatsion xarajatlari 1,15 trln soʻmni, foyda soligʻi esa 181,2 mlrd soʻmni tashkil qilgan.
2026 yil 1 iyul holatiga bankning jami aktivlari 41,3 trln soʻmga yetib, bir yil ichida 28,6 foizga oshgan. Kredit va lizing operatsiyalarining sof hajmi 42,2 foizga koʻpayib, 29 trln soʻmni, bankning xususiy kapitali esa 7,7 trln soʻmni tashkil etdi.









