11 988.920 so‘m

decrease

-30.160

13 663.770 so‘m

decrease

-25.960

153.490 so‘m

decrease

-0.380

11 988.920 so‘m

decrease

-30.160

5 soat avval
Bank
69

Gulnora Karimova ishi boʻyicha Shveysariya banki 3,7 mln dollar jarimaga tortildi

Shveysariya Federal jinoyat sudi Lombard Odier bankini pul yuvilishining oldini olish uchun zarur choralarni koʻrmaganlikda aybdor deb topdi. 

Bankka 3 mln frank jarima tayinlanib, 400 mln frankdan ortiq aktivni musodara qilish haqida qaror chiqarildi. Hukm hali qonuniy kuchga kirmagan. 

Gulnora Karimova ishi boʻyicha Shveysariya banki 3,7 mln dollar jarimaga tortildi

Shveysariya Federal jinoyat sudi 27 iyul kuni Gulnora Karimova va Lombard Odier banki bilan bogʻliq ish boʻyicha birinchi instansiya hukmini eʼlon qildi.

Ish Oʻzbekiston telekommunikatsiya bozorida faoliyat yuritgan xorijiy kompaniyalardan olingani aytilayotgan korrupsion mablagʻlarning Shveysariya banklari orqali yuvilgani haqidagi ayblovlarga taalluqli.

Sud ishni koʻrib chiqish jarayonida “Ofis” deb nomlangan jinoiy tashkilot mavjud boʻlgan, degan xulosaga kelgan. Unga koʻra, xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalari Oʻzbekiston bozorida Gulnora Karimovaning taʼsiridan foydalanish evaziga pora bergan.

Mazkur mablagʻlar shaffof boʻlmagan moliyaviy operatsiyalar orqali turli mamlakatlardagi bank hisobvaraqlariga oʻtkazilgan. Ular orasida Lombard Odier’ning Jenevadagi boʻlinmasida ochilgan hisobvaraqlar ham boʻlgan.

Sud bankning ismi oshkor qilinmagan sobiq mijozlar menejeri “C.”ni ogʻirlashtiruvchi holatlarda pul yuvishda aybdor deb topdi. U korrupsiya alomatlaridan xabardor boʻlsa-da, mablagʻlarning kelib chiqishi va iqtisodiy maqsadini aniqlash uchun faqat yuzaki tekshiruvlar oʻtkazgan.

Jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtmagan operatsiyalar doirasida hisobvaraqlarga 120 mln dollardan ortiq mablagʻ kelib tushgan, 20 mln dollardan koʻproq pul esa ulardan chiqarilgan. Sobiq bank xodimiga 24 oylik shartli qamoq jazosi tayinlandi.

Sud Lombard Odier oʻz xodimi tomonidan pul yuvilishining oldini olish uchun barcha oqilona va zarur tashkiliy choralarni koʻrmagan, deb topdi. 

Bankda korrupsiyaga oid xavf belgilari mavjud boʻlsa-da, masʼul boʻlinmalar mablagʻlar manbai boʻyicha qoʻshimcha tekshiruvlar oʻtkazilishi va ularning natijalari hujjatlashtirilishini yetarli darajada nazorat qilmagan.

Natijada bankka 3 mln frank (3,7 mln dollar) jarima tayinlandi. Bundan tashqari, sud pul yuvishdan olingan yoki “Ofis” nazoratida boʻlgan 400 mln frankdan ortiq aktivni musodara qilish haqida qaror chiqardi. 

Jinoyatlar 2011–2012 yillarda sodir etilgani sababli jazo yengillashtirilgan, 2011 yil 27 iyulgacha boʻlgan epizodlar esa javobgarlikka tortish muddati tugagani uchun yopilgan. 

Ayni paytda Gulnora Karimovaga nisbatan Shveysariyadagi ish protsessual toʻsiqlar sabab tugatildi. Sud uning Oʻzbekistonda qamoqda saqlanayotgani hamda javobgarlikka tortish muddati tugaguniga qadar ozod qilinishi yoki Shveysariyaga ekstraditsiya etilishi ehtimoli yoʻqligini qayd etgan. Shu sababli unga qoʻyilgan ayblovlarning mazmuni boʻyicha hukm chiqarilmagan.

Lombard Odier hukmga rozi emasligini va apellyatsiya berishini bildirdi. Bank oʻsha davrda pul yuvishga qarshi yetarli ichki nazorat tizimiga ega boʻlganini taʼkidlamoqda. Shuningdek, mazkur ish 2012 yilda Lombard Odier’ning oʻzi Shveysariya organlariga shubhali operatsiyalar haqida xabar berganidan keyin boshlanganini qayd etdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+