“Grok-3 yer yuzidagi eng aqlli sunʼiy intellekt” — Ilon Mask
Turli testlar natijasiga koʻra, Grok-3 hozirgacha mavjud barcha AI chat-botlardan matematika, ilmiy masalalar va dasturlash boʻyicha oldinga oʻtib ketgan.

Ilon Maskning sunʼiy intellekt startapi hisoblangan xAI yangilangan Grok-3 modelini namoyish qildi. 18 fevral kuni oʻtkazilgan jonli efirda kompaniyaning maʼlum qilishicha, Grok-3 matematik, ilmiy va dasturlash mezonlari boʻyicha Alphabet Inc’ga tegishli Google Gemini, DeepSeek kompaniyasining V3 modeli, Anthropic’ning Claude va OpenAI’ning GPT-4o modellaridan ustun kelgan.
X (sobiq Twitter) tarmogʻida tarqalgan suratlarda, Grok Benchmark testlarida hozirgacha mavjud hamma modellardan oldinda bormoqda.

Yana bir rasmda esa yangi model sunʼiy intellektlar ichida birinchi marta Chatbot Arena reytingida 1 400 dan yuqoriroq ball toʻplagan.

Grok-3 oʻzidan oldingi versiyadan “10 barobardan koʻproq” hisoblash quvvatiga ega boʻlib, yanvar oyi boshida oldindan tayyorgarlik bosqichini yakunlagan.
“Biz modellarni har kuni takomillashtirib bormoqdamiz va aynan 24 soat ichida yaxshilanishlarni koʻrasiz”, dedi Mask.
Kompaniya Grok-3 bilan birga DeepSearch deb nomlangan yangi aqlli qidiruv tizimini taqdim etdi. DeepSearch - bu soʻrovni tushunish jarayonini va javobini qanday rejalashtirishi haqida mulohaza yuritadigan chat-botdir. Namoyish koʻrsatishicha, u tadqiqot, gʻoyalar ishlab chiqish va maʼlumotlarni tahlil qilish imkoniyatlarini oʻz ichiga oladi.
Grok-3 X platformasidagi Pemium+ obunachilariga zudlik bilan taqdim etilmoqda. Kompaniya Grok mobil ilovasi va Grok.com veb-sayti uchun SuperGrok nomli yangi obuna xizmatini ham ishga tushirmoqda.
Mavzuga doir: Maskning Trampga yaqinligi uning bizneslariga qanday foyda keltiradi?