Genri Ford: dunyo sanoatini oʻzgartirgan daho
Pinkod bugungi maqolada mashinalarni oʻrta sinf uchun ham reallikka aylantirgan Genri Ford va uning Ford Motor kompaniyasining afsonaviy yoʻli haqida hikoya qiladi.
![Genri Ford: dunyo sanoatini oʻzgartirgan daho](https://cp.pincode.uz/media/CACHE/images/image_2024-12-27_21-01-07.346918f186cf.webp)
1863 yil 30 iyulda Michigan shtatining Grinfild qishlogʻidagi oddiy dehqon oilasida tugʻilgan Genri Ford bolaligidan texnikaga qiziqib, har xil mexanizmlarni oʻrganishga oʻzgacha ishtiyoq bilan kirishgan edi.
U yoshligida turli xil asboblarini qismlarga ajratib, qayta yigʻish orqali ularning qanday ishlashini tushunishga harakat qilar edi. Bu qiziqish unga kelajakdagi jahon industriyasini oʻzgartirib yuborgan yangiliklar qilishiga ilhom manbai boʻldi.
Birinchi qadamlar: yosh muhandisning orzusi
![](/_ipx/f_webp/https://cp.pincode.uz/media/image_vkdOYnr.png)
Fordning oilasi kichik bir fermaga egalik qilgan. 16 yoshida u oilaviy fermani tark etib, Detroyt shahriga yoʻl oldi va usha yerda mexanik sifatida shogirdlikka tushdi. Keyingi bir necha yil ichida Ford turli ustaxonalarda oʻz malakasini oshirdi. 1891 yilda u Edison yoritish kompaniyasida muhandis sifatida ishga qabul qilindi va qisqa vaqt ichida bosh muhandis lavozimiga koʻtarildi.
Aynan shu davrda Ford oʻzining ilk ot yordamisiz yuradigan aravasi – kvadratsikl ustida ishlay boshladi. 1896 yilda yigʻilgan bu yengil vosita ikki silindrli dvigatel bilan ishlardi va Genri Fordning ommaga moʻljallangan arzon avtomobillar yaratish orzusini roʻyobga chiqarishga yoʻl ochdi.
Ford Motor kompaniyasiga asos solinishi
![](/_ipx/f_webp/https://cp.pincode.uz/media/image_kDI2xzV.png)
Qator muvaffaqiyatsiz urinishlar va saboqlardan soʻng Ford 1903 yilda Ford Motor kompaniyasini tashkil qildi. Oʻsha davrda avtomobillar faqat boylar uchun moʻljallangan edi. Ammo bu kompaniyaning asosiy auditoriyasi yuqori qatlam emas, balki deyarli hamma edi. Uning fikricha, avtomobillar hamma uchun arzon va qulay boʻlishi kerak edi. Ford ishlab chiqarish liniyasidagi dastlabki yutuqlardan biri Model A boʻldi. Lekin haqiqiy yangilik 1908 yilda chiqarilgan Model T orqali amalga oshirildi. Model T, oʻzining oddiyligi, ishonchliligi va arzonligi bilan millionlab odamlarning hayotini oʻzgartirdi.
Ishlab chiqarishdagi inqilob: konveyer liniyasi
![](/_ipx/f_webp/https://cp.pincode.uz/media/image_jZQsqOF.png)
Fordning eng buyuk kashfiyotlaridan biri 1913 yilda amalga oshirildi. Kompaniya ishlab chiqarishda konveyer liniyasini joriy qildi. Mazkur innovatsiyagacha barcha korxonalarda bir ishchi bir necha vazifalarni bajarar va ishlab chiqarish vaqti sezilarli uzun edi. Buning ortidan mahsulot narxi ham koʻtarilardi. Ford usulining oʻziga xosligi shunda ediki, bunda har bir ishchi faqat bir operatsiyani bajarardi, natijada jarayon tezlashdi va bu samaradorlik keskin oshishiga olib keldi. Oldin avtomobil yigʻish uchun 12 soat vaqt ketgan boʻlsa, konveyer liniyasi yordamida bu vaqt atigi 2,5 soatgacha qisqartirdi.
Fordning konveyer liniyasi nafaqat vaqtni, balki ishlab chiqarish tannarxini ham kamaytirdi. Shu tufayli avtomobillarni keng ommaga arzon narxda taqdim etish imkoniyati paydo boʻldi. Masalan, Model T avtomobilining boshlangʻich narxi 850 dollar boʻlsa, konveyer liniyasidan keyin narx 300 dollargacha pasaytirildi. Bu esa oʻrta sinf odamlariga ham avtomobil sotib olish imkoniyatini berdi. Konveyer liniyasi faqat avtomobil sanoatiga emas, balki boshqa sohalarga ham jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Butun dunyo boʻylab fabrikalar Fordning innovatsiyasidan ilhomlanib, oʻz ishlab chiqarish jarayonlarini qayta koʻrib chiqishdi. Ushbu tizimning keng joriy qilinishi natijasida zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarining asosi yaratildi va iqtisodiyotda massaviy ishlab chiqarish va yuqori samaradorlikni anglatuvchi “Fordizm” atamasi paydo boʻldi.
5 dollarlik maosh: ishchilar hayoti tubdan oʻzgardi
Konveyer yondashuvi, shuningdek, ishchilarning mehnat sharoitlarini ham oʻzgartirdi. Bir xil operatsiyani qayta-qayta bajarish ishchilardan kamroq malaka talab qila boshladi, lekin bu oʻz navbatida ularning ishdan zerikishiga va ruhiy charchoqqa olib kela boshladi. Ford bu muammolarni ish haqini oshirish va ishchilar uchun qulay sharoit yaratish orqali hal qilishga harakat qildi.
1914 yilda, Ford dunyoni hayratda qoldirib, kunlik ish haqini $5 gacha oshirdi, bu oʻsha paytdagi oʻrtacha maoshdan ikki baravar koʻp edi. Ushbu qaror nafaqat ishchilarning hayotini yaxshiladi, balki ularni kompaniyaning sodiq xodimlariga aylantirdi. Mazkur yondashuv ishchi kuchini barqarorlashtiribgina qolmasdan, balki kuchli oʻrta sinfni shakllantirishga yordam berdi.
Genri Ford nafaqat avtomobillar yaratdi, balki millionlab odamlar uchun yangi hayot tarzini bunyod etdi. U Amerika orzusini qayta jonlantirdi, innovatsiyalarni esa shunchaki boylar uchun reallik, oʻrta sinf uchun orzudan haqiqat darajasiga olib chiqdi.