12 123.380 so‘m

increase

51.350

14 094.640 so‘m

increase

77.810

149.190 so‘m

increase

1.180

12 123.380 so‘m

increase

51.350

5 kun avval
Iqtisodiyot

Fuqarolar olib kiradigan tovarlar boʻyicha import bojlarni qayta koʻrib chiqish kerak — “Yuksalish”

2025 yil 1 maydan kuchga kirgan yangi bojxona normalariga koʻra, Oʻzbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarga bojsiz limitlar keskin kamaytirildi. 

Natijada fuqarolar koʻplab tovarlar uchun 30 foizlik boj toʻlashi kerak boʻlyapti, bu esa narxlarning oshishiga, isteʼmolchi tanlovining torayishiga va bozorda yirik importchilarning mavqeini mustahkamlashga olib kelmoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati bu borada bir qator huquqiy va iqtisodiy takliflarni ilgari surdi.

Fuqarolar olib kiradigan tovarlar boʻyicha import bojlarni qayta koʻrib chiqish kerak — “Yuksalish”
Foto: AI / Pinkod.uz

Oʻzbekistondagi yangi bojxona normalari fuqarolar zimmasiga qoʻshimcha xarajat yuklab, ichki bozordagi raqobat muhitiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati oʻz takliflarini eʼlon qildi.

2025 yil 1 maydan boshlab, Oʻzbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlar boʻyicha yangilangan bojsiz normalar kuchga kirdi. Ular Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi 244-son qaroriga asosan belgilangan. Qarorga koʻra, jismoniy shaxslar quyidagi limitlarda tovarlarni boj toʻlovisiz olib kirishlari mumkin:

  • Havo transporti orqali — 1000 dollar
  • Temir yoʻl va daryo transportida — 500 dollar
  • Avtomobil va piyoda oʻtish punktlarida — 300 dollar
  • Xalqaro kurerlik joʻnatmalarida — 200 dollar
  • Pochta orqali — 100 dollar

Biroq, amaliyotda ushbu meʼyorlar aholiga qoʻshimcha moliyaviy yuk boʻlishi bilan birga, ichki bozordagi sogʻlom raqobatga ham bevosita taʼsir koʻrsatmoqda.

“Yuksalish” harakati taʼkidlashicha, bojxona toʻlovlarining amaldagi tartibi ayrim tovarlar bozorida monopoliya xavfini oshirmoqda. Oʻzbekistonda rasmiy distribyutori boʻlmagan mahsulotlarni fuqarolar asosan chetdan shaxsiy tarzda olib kiradi. Ammo normadan oshgan qism uchun 30 foizlik boj bu mahsulotlarni sunʼiy ravishda qimmatlashtiradi. Natijada, isteʼmolchilar tanlovi torayadi, yirik importchilarning bozordagi mavqei esa mustahkamlanadi.

“Natijada, raqobat pasayishi, narxlar oshib, tovarlar sifati yomonlashishi va kichik hamda oʻrta tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyatlari cheklanishi mumkin. Buning oqibatida isteʼmolchilar tanlov huquqidan mahrum boʻladi va sogʻlom bozor rivojlanishi toʻxtaydi”, — deyiladi harakat bayonotida.

Qanday takliflar ilgari surilmoqda?

Harakat yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda samarali va inson huquqlariga daxl qilmaydigan mexanizmlarni ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi. Ushbu muammolarga yechim sifatida quyidagi takliflar ilgari surilgan:

  • Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni olib kirishda boj toʻlovlari, limitlar va stavkalarni faqat Qonun darajasida belgilash;
  • Tijorat maqsadidagi importni shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlardan aniq ajratish mexanizmini ishlab chiqish, normadan oshgan qismga 30% stavka oʻrniga pastroq, mutanosib va progressiv stavkalarni joriy etish;
  • Bojxona tariflarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash niqobi ostida monopoliya vositasiga aylantirmaslik, balki ularni faqat kontrabandaga qarshi kurash hamda raqobatni rivojlantirish mexanizmi sifatida qoʻllash;
  • Ichki bozorda yetarli raqobat shakllanmagan tovarlar uchun import shartlarini yengillashtirish;
  • Roʻyxatga olish jarayonini soddalashtirish va boj toʻlovi talab qilinmagan hollarda (masalan, 1–2 dona shaxsiy qurilma) UzIMEI orqali roʻyxatdan oʻtkazishni bepul qilish.

Harakatning fikricha, shaxsiy isteʼmol tovarlariga nisbatan yuqori boj stavkalari fuqarolarning mulkiy huquqlariga putur yetkazadi. Bojxona siyosati esa iqtisodiy erkinlik va adolat tamoyillarini himoya qilgan holda, kontrabandaga qarshi kurashga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+