Foizsiz taʼlim krediti, imtihon imtiyozlari va boshqalar: muddatli harbiy xizmatni oʻtaganlarga yangi imkoniyatlar
Muddatli harbiy xizmatni oʻtagan yoshlarga davlat tomonidan yangi imtiyozlar taqdim etiladi. Xususan, oliy taʼlim muassasalarida kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinganlar uchun foizsiz taʼlim kreditlari ajratiladi. Shuningdek, kasbga oʻqitish, sertifikat xarajatlarini qoplash va ishga joylashishda qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Oʻzbekiston armiyasida xizmatga kirayotgan yoshlar qoʻshimcha imtiyozlarga ega boʻladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida maʼlum qildi.
Prezident harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Uning taʼkidlashicha, muddatli harbiy xizmat nafaqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik bosqichi, balki yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash va mustaqil kasb egallash jarayoni ham boʻlishi kerak.
Armiya tizimida “mutlaqo yangi tizim” yaratilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tizim doirasida harbiy xizmatchilar xizmat davomida kamida bitta kasbni oʻrganishi lozim boʻladi.
Harbiy qismlarning asosiy yoʻnalishlari va ixtisoslashuvidan kelib chiqib, 3–6 oylik kasbiy tayyorlov dasturlari ishlab chiqiladi. Dastur yakunida va malaka imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtgach, harbiy xizmatchilarga kasb boʻyicha sertifikat beriladi.
Har yili 5 ming nafar muddatli harbiy xizmatchi “Bir million oʻzbek dasturchisi” va “Besh million suniy intellekt foydalanuvchisi” dasturlari doirasida IT yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitish uchun saralab olinadi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini bevosita harbiy qismda topshirish imkoniyatiga ega boʻlib, muvaffaqiyatli natija koʻrsatgan taqdirda, xizmatni tugatgach oʻqishni boshlashi mumkin boʻladi.
Davlat harbiy xizmatni oʻtaganidan soʻng oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni istagan yoshlar uchun xorijiy til va mutaxassislik fanlari boʻyicha sertifikat olish xarajatlarini qoplab beradi. Toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan talabalar uchun foizsiz kreditlar ajratiladi.
Muddatli harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolarning bandligini taʼminlash boʻyicha ham alohida qoʻllab-quvvatlash choralari joriy etiladi. Oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish uchun kredit olganlarga toʻlovlarning 6 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi.
Davlat organlariga ishga kirishni istagan yoshlar uchun test sinovlarida 10 foizli ustama ball beriladi. Xususiy sektorda ishlashni rejalashtirganlar uchun esa kasbiy tayyorgarlik va sertifikat olish xarajatlari qoplab beriladi.
Shuningdek, muhandislik-texnika sohasi, kiberxavfsizlik va axborot xurujlariga qarshi kurash yoʻnalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash muhim vazifa sifatida belgilandi. Harbiy texnoparklar tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.









