11 989.460 so‘m

increase

29.280

13 815.450 so‘m

increase

54.070

149.480 so‘m

decrease

-0.940

11 989.460 so‘m

increase

29.280

8 soat avval
Bank
95

Fiskal tahlillar instituti banklarning ayrim xizmatlariga QQS joriy etish taklif qildi

Fiskal tahlillar instituti banklar uchun foyda soligʻini 20 foizdan 15 foizga tushirishni taklif qildi. 

Bu oʻzgarish byudjet tushumlarini yiliga 859 mlrd soʻmga kamaytirishi mumkin. 

Mazkur yoʻqotishni ayrim komissiyali xizmatlarga 12 foizlik QQS joriy etish hisobiga qoplash taklif qilinmoqda.

Fiskal tahlillar instituti banklarning ayrim xizmatlariga QQS joriy etish taklif qildi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti 30 iyul kuni oʻtkazilgan “Fiskal muloqot” tadbirida ayrim tarmoqlar uchun foyda soligʻi stavkalarini qayta koʻrib chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Taklifga koʻra, banklar, mobil aloqa operatorlari, polietilen granula ishlab chiqaruvchilari, shuningdek, bozor va savdo majmualari uchun foyda soligʻi amaldagi 20 foizdan umumiy 15 foizlik stavkagacha tushirilishi kerak. Hozir aksariyat yuridik shaxslar foydasiga 15 foizlik stavka qoʻllanadi.

Institut fikricha, alohida tarmoqlarga yuqoriroq soliq stavkasining belgilanishi raqobat va soliq adolati tamoyillariga mos kelmaydi.

Hisob-kitoblarga koʻra, stavkaning 5 foiz punktga pasaytirilishi natijasida davlat byudjeti yiliga 859 mlrd soʻm foyda soligʻi tushumidan ayrilishi mumkin. Yoʻqotishni qoplash choralaridan biri sifatida hozir QQSdan ozod qilingan ayrim komissiyali moliyaviy xizmatlarni soliqqa tortish taklif etilmoqda.

QQS quyidagi xizmatlarga tatbiq etilishi mumkin:

  • bank hisobvaraqlari va kartalarini yuritish;
  • hisob-kitob va kassa xizmatlari;
  • ekvayring va toʻlovlarni qabul qilish;
  • kafolatlar va akkreditivlar boʻyicha komissiyalar;
  • valyuta ayirboshlash komissiyalari;
  • bank kartalari orqali operatsiyalarni protsessing qilish;
  • depozitariy, roʻyxatdan oʻtkazish va birja xizmatlari;
  • toʻlov tizimlariga toʻlanadigan mukofotlar;
  • faktoring va forfeyting operatsiyalarining xizmat koʻrsatish qismi.

Amaldagi Soliq kodeksining 244-moddasiga koʻra, bank hisobvaraqlari va kartalarini yuritish kabi qator moliyaviy xizmatlar QQSdan ozod qilingan. Qiymati qatʼiy summada belgilangan ayrim bank xizmatlari bundan mustasno.

Oʻzbekistonda QQSning umumiy stavkasi 12 foizni tashkil etadi. Agar banklar yangi soliq yukini mijozlar toʻlaydigan tariflarga qoʻshsa, komissiya xizmatlari qimmatlashishi mumkin. Masalan, QQS tarif ustiga toʻliq qoʻshilgan taqdirda, 100 ming soʻmlik xizmat narxi 112 ming soʻmgacha oshadi.

Biroq bu banklarning barcha mahsulotlari, jumladan, kreditlar yoki omonatlarga avtomatik ravishda QQS joriy qilinishini anglatmaydi. Institut taklifida aynan komissiya undiriladigan ayrim xizmatlar nazarda tutilgan.

Avvalroq xuddi shu institut jismoniy shaxslarning bank omonatlaridan oladigan foiz daromadlariga 5 foizlik soliq joriy etishni taklif qilgan edi. Institut hisob-kitobiga koʻra, bu davlat byudjetiga yiliga qariyb 1,4 trln soʻm qoʻshimcha tushum keltirishi mumkin.

Shu tariqa, Fiskal tahlillar instituti bir vaqtning oʻzida banklar toʻlaydigan foyda soligʻini 20 foizdan 15 foizga kamaytirish, omonatchilarning foiz daromadlarini 5 foizlik soliqqa tortish va ayrim bank komissiyalariga 12 foizlik QQS joriy etishni taklif qilmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+