Firibgarlik holatlarida onlayn kredit toʻlovlari toʻxtatilib, bank ilovalari kirishda xavfsizlik kuchaytiriladi
Frod holatida rasmiylashtirilgan onlayn kreditlar boʻyicha toʻlovlar va foizlar hisoblanmaydi hamda undirilmaydi. Mobil ilovalarga kirish va operatsiyalar xavfsizligi qatʼiylashtirilib, biometrik identifikatsiya, telefon raqami–JShShIR mosligi va boshqa cheklovlar joriy etiladi.

Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan masofadan moliyaviy xizmatlar koʻrsatishda axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash, shuningdek firibgarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom rasmiy eʼlon qilinganidan keyin uch oy oʻtib kuchga kiradi.
Mazkur nizomga muvofiq, agar fuqaro nomiga onlayn kredit firibgarlik (frod) yoʻli bilan rasmiylashtirilgani aniqlanib, u surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida jabrlanuvchi deb eʼtirof etilsa, ushbu kredit boʻyicha barcha hisob-kitoblar vaqtincha toʻxtatiladi.
Bunda onlayn kredit va u bilan bogʻliq foizlarni hisoblash hamda undirish amalga oshirilmaydi.
Shu bilan birga, kredit tashkiloti yetkazilgan moddiy zararni frod holatini sodir etgan shaxsdan regress tartibida undirishi mumkin. Agar kredit tashkilotida firibgarlik holatiga shubha tugʻilsa, u qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli organlarga shikoyat qilish huquqiga ega.
Agar surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud qarori natijasida frod holati yuz bermaganligi aniqlansa, kredit tashkiloti onlayn kredit va u bilan bogʻliq foizlarni hisoblash hamda undirishni umumiy tartibda davom ettiradi.
Bank ilovalariga kirish boʻyicha talablar qatʼiylashtirildi
Hujjatda banklar va toʻlov tashkilotlarining mobil ilovalaridan foydalanish tartibi ham sezilarli darajada qatʼiylashtirilgan. Endilikda mobil ilovada roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchi akkauntiga faqat oʻziga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli boʻlgan bank hisobvaraqlari, plastik kartalar va elektron hamyonlarni biriktirishga ruxsat etiladi. P2P oʻtkazmalari ham faqat ushbu akkaunt orqali amalga oshirilishi mumkin.
Roʻyxatdan oʻtish jarayonida foydalanuvchining telefon raqami bilan JShShIRi oʻrtasidagi moslik majburiy tartibda tekshiriladi. Agar bunday moslik aniqlanmasa, ilovada hisob ochish va karta biriktirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kredit va toʻlov tashkilotlari foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiyadan oʻtkazishda hayotiylik (liveliness) faktorlarini aniqlashi shart. Faqatgina rasm orqali identifikatsiya qilishga endi ruxsat berilmaydi.
Shuningdek, SMS orqali yuborilgan bir martalik tasdiqlash kodi ketma-ket uch marotaba notoʻgʻri kiritilgan taqdirda, foydalanuvchining mobil ilovadagi barcha harakatlari 15 daqiqa davomida vaqtincha cheklanadi.
Agar akkauntga boshqa qurilmadan kirilsa yoki parol qayta tiklansa, ushbu akkauntga bogʻlangan barcha kartalar avtomatik tarzda ilovadan chiqariladi. Bundan tashqari, qurilmadagi kartalar boʻyicha moliyaviy operatsiyalar tarixi oʻchirib yuboriladi. Kartalarni qayta biriktirish faqat biometrik identifikatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtilgandan soʻnggina amalga oshirilishi mumkin.









