Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi toʻrt yildan soʻng yana toʻliq davlat mulkiga qaytdi
2022-yilda Saneg kompaniyasiga 100 mln dollarga sotilgan Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi yana toʻliq davlat mulkiga qaytdi. Davlat reyestrida korxonaning yagona taʼsischisi sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi koʻrsatilgan.

Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi yana davlat mulkiga qaytdi. Davlat reyestri maʼlumotlariga koʻra, “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MChJning yagona taʼsischisi endilikda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hisoblanadi. Agentlikka korxona ustav fondining 100 foizi — 124,54 mlrd soʻmlik ulush tegishli.
Avvalroq, may oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi zavoddagi 58,5 foiz ulushga egalik qilayotgani, qolgan 41,5 foiz ulush esa Sanoat Energetika Guruhi — Saneg kompaniyasiga tegishli ekani koʻrsatilgandi.

Korxona 2022-yil may oyida Saneg kompaniyasiga 100 mlnga sotilgan edi. Oʻsha vaqtdagi kelishuvga koʻra, xaridor zavodni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va mahsulot turini kengaytirish boʻyicha yirik investitsiya majburiyatlarini olgan.
Xususan, Saneg ekologik toza benzin, Yevro-5 talablariga javob beradigan dizel yoqilgʻisi, Jet A-1 aviatsiya yoqilgʻisi hamda suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni kengaytirishi, neftni qayta ishlash agregatlarini modernizatsiya qilishi va zavodning ishlab chiqarish quvvatini kamida 2 mln tonnagacha oshirishi kerak edi. Ushbu maqsadlar uchun 380 mln dollardan ortiq investitsiya kiritish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, xaridor ijtimoiy majburiyatlarni ham oʻz zimmasiga olgan. Kelishuvga koʻra, korxonada mavjud ish oʻrinlari va xodimlar soni kamida 2 yil davomida saqlab qolinishi, ish haqi fondi kamaytirilmasligi hamda jamoa shartnomasi shartlari yomonlashtirilmasligi kerak edi. Shuningdek, xodimlarning ish haqi bitim imzolangan sanadagi darajadan pasaytirilmasligi va boshqa ijtimoiy majburiyatlar imkon qadar saqlanishi belgilangan.
Fargʻona NQIZ Markaziy Osiyodagi yirik yonilgʻi-moylash mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Korxona maʼlumotlariga koʻra, zavod neftni qayta ishlash sohasidagi deyarli barcha asosiy mahsulotlarni ishlab chiqarishga moʻljallangan 35 ta texnologik uskunaga ega.
Yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining Saneg bilan bogʻliq strategik loyihalarga yangi investorlar jalb qilish boʻyicha qarori chiqqan edi. Ushbu loyihalar orasida Fargʻona NQIZni modernizatsiya qilish masalasi ham bor edi.
Shuningdek, Saneg, Enter Engineering va Eriell guruhlariga aloqador ayrim aktivlarni sotish masalasi ham koʻrib chiqilgani xabar qilingan. Sotiladigan aktivlar orasida Samarqand aeroporti, Silk Road Samarkand mehmonxonalari va tibbiyot markazi kabilar bor. Tushgan mablagʻlar, avvalo, 38,7 ming xodim oldidagi 131 mln dollarlik ish haqi qarzdorligini qoplashga yoʻnaltirilishi belgilangan.









