$131 mlnlik ish haqi qarzi: hukumat Enter Engineering, Eriell va Saneg aktivlarining bir qismini sotadi
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 22 yanvardagi qaroriga koʻra, Enter Engineering, Eriell va Saneg kompaniyalar guruhining nosohaviy aktivlarini sotish rejalashtirilmoqda.
Tushgan mablagʻlar, avvalo, 38,7 ming xodim oldidagi 131 mln dollarlik ish haqi qarzdorligini qoplashga yoʻnaltirilishi belgilangan.
Sotiladigan aktivlar orasida Samarqand aeroporti, Silk Road Samarkand mehmonxonalari va tibbiyot markazi bor

Hukumat Enter Engineering, Eriell va Saneg kompaniyalar guruhining nomutaxassislik aktivlarini sotishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 22 yanvardagi qarorida soʻz boradi. Hujjatning maʼlumotnoma nusxasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Hujjatga koʻra, Enter Engineering Pte. Ltd., Eriell Group va Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) kompaniyalar guruhi 38,7 ming nafar xodim oldida 131 mln dollar miqdorida ish haqi boʻyicha qarzdorlikka ega.
Kompaniyalar guruhining moliyaviy barqarorligini tiklash maqsadida Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ijrochi direktori Shuhrat Vafayev boshchiligida ishchi guruh tashkil etilgan. Ishchi guruhga nomutaxassislik aktivlarini sotuvga tayyorlash va tushgan mablagʻlarni qarzlarni, avvalo ish haqi boʻyicha qarzdorlikni qoplashga yoʻnaltirish topshirilgan.
Sotilishi rejalashtirilayotgan aktivlar
Qarorga koʻra, quyidagi mulklar sotilishi mumkin:
- Enter Engineering ofisi — Chilonzor tumani, Bunyodkor shohkoʻchasi, 47-uy;
- Enter Engineering ofisi — Sergeli tumani, Choshtepa koʻchasi, 38/40-uy;
- Eriell Group ofisi — Mirobod tumani, Gavhar koʻchasi, 151A-uy;
- Eriell Group ofisi — Chilonzor tumani, Chorbogʻ koʻchasi, 82A-uy;
- Tashkent International Medical Center koʻp tarmoqli tibbiyot majmuasi binosi (Mirobod tumani, Shahrisabz koʻchasi, 8-uy). Mazkur obʼekt ENERA investitsiya xoldingi tarkibiga kiradi;
- Silk Road Samarkand turizm majmuasidagi barcha sakkizta mehmonxona (Samarkand Touristic Center ENERA investitsiya xoldingi tarkibida);
- Samarqand xalqaro aeroporti (Air Marakanda ENERA investitsiya xoldingi tarkibida);
- Fargʻona viloyatidagi Oltiariq neftni qayta ishlash korxonasi;
- Angren saqlash terminali.
Strategik loyihalar uchun investorlar izlanmoqda
Ishchi guruhga bir qator yirik sanoat loyihalarini yakunlash uchun yangi investorlar boʻyicha takliflar ishlab chiqish ham topshirilgan. Ular qatoriga quyidagilar kiradi:
- Buxoro viloyatida qiymati 5 mlrd dollar boʻlgan MTO (Methanol to Olefin) gaz-kimyo majmuasi;
- Navoiy viloyatida qiymati 8 mlrd dollar boʻlgan yonuvchi slanetslarni qayta ishlash sanoat majmuasi;
- Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish;
- “Samarqandkimyo” negizidagi “Neofos” kimyo loyihasi;
- Tebinbuloq togʻ-metallurgiya kombinati qurilishi;
- Buxoro xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish.
Soliq imtiyozlari va maxsus rejim
Qarorga muvofiq, kompaniyalar guruhining affillangan shaxslari uchun soliqlar va bojxona toʻlovlari boʻyicha kechiktirish muddati 2027 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi. Biroq bu imtiyoz xodimlar oldidagi qarzdorlik toʻliq qoplangandan keyingina amal qiladi.
Shuningdek, kompaniyalar qarzlarini soʻndirish maqsadida maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Uning doirasida kompaniyalar guruhining koʻchar va koʻchmas mulki hamda pul mablagʻlarini uchinchi shaxslarga yuklama bilan berish, sotish yoki oʻtkazish cheklanadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda Oʻzmilliybankda maxsus hisobvaraq ochilgan holda SANEG Aktiv shoʻba korxonasi tashkil etiladi. Kompaniyalar guruhining ayrim aktivlari ushbu korxonaga bepul oʻtkaziladi, ularni sotishdan tushgan mablagʻlar esa bankdagi maxsus hisobvaraqda jamlanadi.
SANEG Aktivʼga oʻtkaziladigan mol-mulk soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlardan ozod etiladi.
Auksion orqali sotish tartibi
Aktivlar E-auksion onlayn platformasi orqali sotiladi. Agar aktivlarga talab boʻlmasa, boshlangʻich narx har hafta 5%ga pasaytiriladi, biroq umumiy pasayish 20%dan oshmasligi belgilangan.
Shuningdek, mamlakatdagi eng yirik “Gazli” gaz ombori operatori — Gazli Gas Storage qoʻshma korxonasidagi ulush ham sotilishi mumkin. Ushbu korxonaning benefitsiari sifatida Baxtiyor Fozilov tilga olinadi.
Xodimlar orasida tarqatilgan xabarlarga koʻra, kompaniya rahbariyati biznes tugatilmasligi va faoliyat davom etishini bildirgan. Qayd etilishicha, “Gazli” gaz omborini sotishdan tushadigan mablagʻlar 10 martgacha kutilmoqda, ish haqi boʻyicha qarzdorlikni esa 15 martga qadar qoplash rejalashtirilgan.









