Endilikda xodimlar ish haqini oʻzi tanlagan bank kartasiga olishi mumkin boʻladi
Xususiy sektor xodimlari endilikda ish beruvchisi qaysi bank xizmatidan foydalanishidan qatʼi nazar, ish haqini oʻzlari tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyonga olishi mumkin. Yangi imkoniyat “Mablagʻlarni taqsimlash markazi” tizimi orqali amalga oshiriladi.

Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi tizim xodimlarga ish haqi va boshqa toʻlovlarni qabul qilish uchun bankni mustaqil tanlash imkonini beradi. Bunda ish beruvchi va xodimning bir bank xizmatlaridan foydalanishi shart emas.
Tizimdan foydalanish uchun xodim oʻziga qulay bankni tanlab, ushbu bankdagi kartasi yoki elektron hamyonining rekvizitlarini ish beruvchining buxgalteriyasiga taqdim etishi kerak.
Shundan soʻng ish beruvchiga xizmat koʻrsatuvchi bank toʻlov maʼlumotlarini “Mablagʻlarni taqsimlash markazi”ga yuboradi. Tizim maʼlumotlarni tekshiradi va mablagʻlarni xodim tanlagan bankka yoʻnaltiradi.
Natijada bir tashkilotda ishlovchi xodimlar ish haqini turli banklarning kartalari yoki elektron hamyonlariga olishlari mumkin boʻladi.
Markaziy bankning qayd etishicha, hozircha tizimning faqat birinchi versiyasi ishga tushirilgan boʻlib, u xususiy sektor tashkilotlari uchun ishlaydi.
Keyingi yangilanishlarda foydalanuvchilar takliflari inobatga olinib, tizimga yangi imkoniyatlar qoʻshilishi rejalashtirilmoqda.









