Endilikda tadbirkorlar 10 mlrd soʻmgacha kredit uchun garovning atigi 25 foizini taʼminlaydi
Oʻzbekistonda kichik biznesning kredit olish imkoniyatlarini kengaytirish uchun “kontr-kafolat” tizimi joriy etiladi. Unga koʻra, 10 mlrd soʻmgacha kredit olayotgan tadbirkorga talab qilinadigan garovning 75 foizi davlat, Biznesni kafolatlash kompaniyasi va banklar tomonidan qoplanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotda biznesni moliyalashtirish, davlat aktivlarini sotish va sunʼiy intellekt xizmatlarini joriy etishga qaratilgan yangi tashabbuslarni eʼlon qildi.
Yangi tizimda 10 mlrd soʻmgacha kredit uchun garovning 30 foizini davlat, yana 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini esa tijorat banklari oʻz zimmasiga oladi. Natijada tadbirkorga kredit qiymatining qolgan 25 foiziga teng garov taqdim etish kifoya qiladi.
Kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun uch bosqichli ekotizim ham yaratiladi:
- yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”;
- ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalar uchun “Biznes lift”;
- yangi oʻsish bosqichiga oʻtayotgan bizneslar uchun “Biznes yuksalish”.
“Biznes start” dasturiga 100 mlrd soʻm ajratiladi. Dastur ishtirokchilariga tayyor biznes-rejalar hamda 200 mln soʻmgacha garovsiz kredit taklif qilinadi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar sunʼiy intellekt yordamida biznes loyihasi va kredit hujjatlarini tayyorlash, shuningdek, hisobot yuritishni oʻrganadi. Kreditlarning foiz stavkasi, muddati va dasturda qatnashish talablari hozircha ochiqlanmadi.
Yaqinda “Kredit xizmatlari yagona raqamli portali” ham ishga tushirilgan. Tadbirkor portal orqali bitta ariza yuboradi, banklar esa unga kredit taklif qilish uchun oʻzaro raqobatlashadi. Faoliyatini endi boshlayotgan bizneslar 5 mlrd soʻmgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin boʻladi.
Prezident keltirgan maʼlumotlarga koʻra, banklar kredit portfelida kichik biznesning ulushi 45 foizdan 63 foizga oshgan. 2026 yilning birinchi yarmida kichik va oʻrta biznesga 76,5 trln soʻm resurs ajratilgan.
“Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qoʻllab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat aktivlarini sotib olish shartlari yengillashadi
Ochiq muloqotda boʻsh yerlar va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlarini biznes loyihalariga jalb qilish boʻyicha ham yangi tartiblar eʼlon qilindi.
Davlat aktivini sotib olishda talab qilinadigan boshlangʻich toʻlov 30 foizdan 15 foizga tushiriladi. Bu avans miqdori ikki baravar yoki 15 foiz punktga kamayishini anglatadi.
Davlat mulki qiymatini olti oy ichida toʻliq toʻlagan tadbirkorlarga 25 foiz chegirma beriladi. Summaning yarmini toʻlagan xaridor esa qolgan qismini yetti yil davomida foizsiz boʻlib toʻlashi mumkin boʻladi.
Shu bilan birga, uch oy davomida sotilmagan davlat mulkining boshlangʻich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha kamaytiriladi. Auksion oʻtkazish muddati esa ikki baravar qisqartiriladi.
Sunʼiy intellekt yordamchilari boshqa sohalarga ham kiradi
Tadbirkorlarning soliq xarajatlari va hisobotdagi xatolarini kamaytirishga moʻljallangan “Virtual soliq maslahatchisi” sunʼiy intellekt portali ishga tushirilgan.
2027 yildan shunday raqamli yordamchilar qurilish, mehnat munosabatlari, tashqi savdo va davlat xizmatlari yoʻnalishlarida ham joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Eʼlon qilingan tashabbuslarning aniq amal qilish sanasi, moliyalashtirish shartlari va foydalanish mezonlari tegishli hujjatlar qabul qilingach maʼlum boʻladi.









