Endilikda fuqarolar oʻz nomiga ochilgan bank kartalarini my.gov.uz’da koʻrishi mumkin
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida bank kartalari haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatadigan boʻlim ishga tushdi. Unda plastik kartalar bilan birga bank ilovalari orqali ochilgan virtual kartalar ham aks etadi. Xizmat hozircha sinov rejimida ishlamoqda.

Endilikda fuqarolar oʻz nomiga rasmiylashtirilgan faol bank kartalarini my.gov.uz portalida koʻrishi mumkin. Buning uchun portalgi kirib, “Bank kartalari” boʻlimini tanlash kerak.
Boʻlimda jismoniy plastik kartalardan tashqari, turli banklarning mobil ilovalari orqali masofadan ochilgan virtual kartalar haqidagi maʼlumotlar ham koʻrsatiladi. Bu bir nechta bank xizmatidan foydalanadigan fuqaroga oʻz nomidagi faol kartalarni bir joyda tekshirish imkonini beradi.
Hozircha xizmat sinov rejimida ishlamoqda. Unda faqat Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi tijorat banklari kartalari aks etadi.
Portal orqali kartalarni tekshirish imkoniyati 2026 yilgi davlat dasturida belgilangan edi. Iyulda qabul qilingan prezident qarorida esa fuqarolarga oʻz nomidagi bank kartalari haqida maʼlumot olish, shuningdek, kartani bloklash yoki yopish uchun uni chiqargan bankka ariza yuborish imkoniyatini yaratish nazarda tutilgan. Hozirgi xabarda ariza yuborish funksiyasi ham ishga tushgani aytilmagan.









