Donald Tramp AQShdan tashqarida yigʻiladigan avtomobillarga 25 foizlik boj eʼlon qildi
Mazkur qaror AQShning mahalliy avtomobil sanoatini qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlash maqsadida qabul qilingan. Yevropa Ittifoqi va Kanada ushbu boj tariflariga keskin eʼtiroz bildirgan boʻlsa, Yaponiya tez orada javob tariqasida qarshi boj tariflarini joriy etishini maʼlum qildi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp import avtomobillari va ularning ehtiyot qismlariga 25 foizlik boj tariflari joriy qilinganini eʼlon qildi. Bu qaror mamlakat avtomobil sanoatini himoya qilish hamda chet eldan ish oʻrinlarini qaytarib olish maqsadida qabul qilingan.
Oq uyda soʻzga chiqqan Tramp ushbu boj tariflari AQShda ishlab chiqarishni rivojlantirishga xizmat qilishini va yangi ish oʻrinlari yaratishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, chet el davlatlari AQShdan juda koʻp narsa olib ketgan, baʼzan esa doʻst mamlakatlar dushmandan ham yomonroq boʻlib chiqqan.
Rasmiy hujjatlarga koʻra, yangi boj tariflari 2 apreldan kuchga kiradi. Ushbu chora AQSh avtomobil sanoatini mustahkamlash va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun qabul qilingan.
Biroq, xalqaro hamjamiyat bu qarorni keskin tanqid qilmoqda. Yevropa Ittifoqi Prezidenti Ursula fon der Lyayen boj tariflarini biznes uchun yomon, isteʼmolchilar uchun esa undan ham salbiyroq deb baholadi.
Kanada Bosh vaziri Mark Karni ushbu qarorni kanadalik ishchilarga bevosita hujum deb atadi. Yaponiya Bosh vaziri Shigeru Ishiba esa Yaponiya bu boj tariflariga javoban tegishli choralarni koʻrishini bildirdi.
Mazkur boj soliqlari global avtomobil sanoatida katta oʻzgarishlarga sabab boʻlishi mumkin. AQSh, Meksika va Kanada avtomobil ishlab chiqaruvchilari yillar davomida bojxona toʻlovlarisiz ishlovchi taʼminot zanjirlarini shakllantirgan edi. AQSh Savdo vazirligining maʼlumotlariga koʻra, 2024 yilda mamlakat 214 milliard dollarlik yengil avtomobil import qilgan. Eng yirik avtomobil eksport qiluvchi davlatlar esa Meksika, Kanada, Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniya hisoblanadi.
Mutaxassislar fikriga koʻra, ushbu boj tariflari ortidan AQShda avtomobil narxlari oshishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat kuchayishi va import avtomobillari tanlovining qisqarishi kutilmoqda.