12 067.760 so‘m

decrease

-70.910

14 141.000 so‘m

decrease

-35.750

145.640 so‘m

increase

0.280

12 067.760 so‘m

decrease

-70.910

20-sentabr, 16:12
Iqtisodiyot

Donald Tramp $1 mln evaziga AQShda doimiy yashash huquqi beruvchi dasturni ishga tushirdi

Tramp maʼmuriyatining taʼkidlashicha, yangi tashabbus orqali mamlakatga yuqori malakali investor va mutaxassislar jalb qilinib, gʻaznaga milliardlab dollar tushishi kutilmoqda. Shu bilan birga, yangi tartibga koʻra, AQSh kompaniyalari xorijdan H-1B vizasi orqali mutaxassis olib kelish uchun davlatga 100 ming dollar toʻlashi lozim boʻladi.

Donald Tramp $1 mln evaziga AQShda doimiy yashash huquqi beruvchi dasturni ishga tushirdi
Foto: AI / Pinkod.uz

AQSh prezidenti Donald Tramp shaxslar uchun 1 million dollar, korxonalar uchun esa 2 million dollar toʻlov belgilangan “Oltin karta” vizasi dasturini yoʻlga qoʻyuvchi farmonni imzoladi. 

Prezidentning taʼkidlashicha, bu dastur milliardlab dollar mablagʻ keltirib, soliqlarni kamaytirish va davlat qarzini yopishga xizmat qiladi.

AQSh Savdo kotibi Xovard Lutnikning aytishicha, yangi tartib orqali mamlakatga faqat “eng yuqori darajadagi favqulodda insonlar” qabul qilinadi va ular amerikaliklar uchun biznes hamda ish oʻrinlari yaratadi. 

U ilgari amal qilgan green card dasturini “mantiqsiz” deb atab, bu yoʻl bilan kelganlarning oʻrtacha daromadi past boʻlganini va koʻpchiligi davlat yordam dasturlaridan foydalanganini qayd etdi. Lutnikning soʻzlariga koʻra, yangi dastur AQSh gʻaznasiga 100 milliard dollardan ortiq mablagʻ olib keladi.

Bundan tashqari, 5 million dollar toʻlagan xorijiy fuqaroga “Trump Platinum Card” (“Tramp platina kartasi”) beriladi. Ushbu kartaga ega boʻlgan shaxslar AQShdan tashqarida olgan daromadlari uchun mamlakatda soliq toʻlashdan ozod qilinadi.

Oq uy kotibi Uill Sharf ham Tramp maʼmuriyatining asosiy maqsadi noqonuniy immigratsiyani toʻxtatish va Amerikaga haqiqatan hissa qoʻsha oladigan insonlar uchun yoʻl ochish ekanini taʼkidladi.

Shu kuni Tramp yana bir farmonni imzoladi. Unga koʻra, H-1B turidagi maxsus vizalar berish tartibi oʻzgartirildi. 

Ilgari ushbu vizalar AQSh kompaniyalariga chet eldan yuqori malakali mutaxassislarni ishga olish imkonini bergan boʻlsa, endi bunday xodimni jalb qilmoqchi boʻlgan kompaniya davlatga 100 ming dollar toʻlashi kerak boʻladi. Maʼmuriyat bu oʻzgarishlar amerikaliklarni ishga olish va ularni tayyorlashga koʻproq ragʻbatlantiradi, deb hisoblamoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+