Dollarning rasmiy kursi ilk marta 12 800 soʻmdan oshdi
Oʻzbek soʻmi yil boshidan buyon Amerika valyutasiga nisbatan 3,7 foizga qadrsizlandi.
Oʻzbekiston Markaziy banki 15 oktabrdan boshlab oʻzbek soʻmining AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursini 12 803,05 soʻm deb belgiladi. Bu – bir kun oldingidan 22,91 soʻmga yuqori. Shu bilan birga, rasmiy kurs ilk marta 12 800 soʻmlik psixologik nuqtadan oʻtdi.
Ayirboshlash shoxobchalaridagi kurs bu nuqtadan bir necha hafta avval oʻtgandi. 14 oktabr, dushanba kuni aksariyat banklarda Amerika valyutasining xarid kursi 12 720 – 12 750 soʻm oraligʻida, sotish kursi esa 12 810 – 12 840 soʻmni tashkil etdi.
Soʻnggi kunlarda valyuta birjasida dollar savdosi hajmi oshganini kuzatish mumkin. Oxirgi 10 savdo kunida (30 sentabrdan 14 oktabrgacha) jami 1,88 mlrd dollarlik oldi-sotdi bitimlari tuzilgan boʻlib, bu – avvalgi 10 savdo kuni (16–27 sentabr, 1,14 mlrd dollar)ga nisbatan 64 foizga yuqori.
Oʻzbek soʻmi AQSh dollariga nisbatan yil boshidan buyon (2024 yilning ilk ish kunida kurs 12 338,77 soʻm edi) soʻmga nisbatan 3,76 foizga mustahkamlandi.
Rasmiy kurs aprel oyida 12 700 soʻmdan oshgandi. Maʼlumot uchun, Markaziy bank belgilaydigan xorijiy valyutalarning soʻmga nisbatan rasmiy kursi Oʻzbekiston hududida buxgalteriya hisobi, statistika hisoboti va boshqa hisobot maqsadlari uchun, shuningdek bojxona va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun ishlatiladi.
Avvalroq regulyator eʼlon qilgan soʻrovlardan aholi va tadbirkorlarning valyuta kursi oʻzgarishidan xavotirlari kuchaygani maʼlum boʻlgandi.