Dollar rasmiy kursi 12 700 soʻmdan pastga tushdi
AQSh dollarining oʻzbek soʻmiga nisbatan qiymati 37,68 soʻmga pasayib, 12 674,37 soʻmni tashkil etdi. Buning asosiy sabablari nimalardan iborat?

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2025 yil 11 iyundan boshlab kuchga kiradigan xorijiy valyutalarning soʻmga nisbatan yangi rasmiy kurslarini eʼlon qildi. Unga koʻra, AQSh dollarining kursi 37,68 soʻmga pasayib, 12 674,37 soʻmni tashkil etdi.
Valyuta kurslari quyidagicha belgilandi:
- AQSh dollari — 12 674,37 soʻm (-37,68 soʻm)
- Yevro — 14 470 soʻm (-54,46 soʻm)
- Rossiya rubli — 161,23 soʻm (+0,13 soʻm)
- Funt sterling — 17 100,26 soʻm (-152,53 soʻm)
Dollar kursining pasayishiga nima sabab boʻlmoqda?
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga koʻra, dollar kursi pasayshining asosiy omillari hali ham oʻzgarishsiz qolmoqda.
Soʻnggi kunlarda hamkor davlatlar valyutalari, xususan, Rossiya rubli va Qozogʻiston tengesi nisbatan mustahkamlanish tendensiyasini namoyon etmoqda. Iyun oyi boshidan buyon rublning oʻrtacha kursi oldingi olti sessiyadagi oʻrtacha koʻrsatkichga nisbatan 0,4 foizga oʻsdi, may oyidagi oʻrtacha kursga nisbatan esa 1,5 foizga mustahkamlandi. Shuningdek, Qozogʻiston tengesi may oyiga nisbatan 0,3 foizga, iyun oyi boshidan 10 iyungacha esa taxminan 0,5 foizga mustahkamlandi. Ushbu valyutalarning mustahkamlanishi pul oʻtkazmalarining koʻpayishi va Oʻzbekiston soʻmining barqarorlashuviga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Dollar indeksi (DXY) soʻnggi haftada nisbatan barqaror boʻlib qolmoqda, ammo umumiy qadrsizlanish fazasida davom etmoqda. Iyun oyi boshidan buyon dollar indeksi 0,1 foizga pasaygan boʻlsa, soʻnggi bir oyda taxminan 2,5 foizga qadrsizlangan. Dollarning global miqyosda qadrsizlanishi soʻmning barqarorligi va mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda.
Soʻm qoʻshni davlatlar valyutalari, xususan, Qozogʻiston tengesiga nisbatan 0,7 foizga, Qirgʻiziston somiga nisbatan 0,6 foizga mustahkamlangan boʻlsa, Tojikiston somonisiga nisbatan 1,3 foizga qadrsizlangan. Rublga nisbatan esa 0,4 foizga qadrsizlanish kuzatildi. Bu mintaqaviy tendensiyalarni aks ettiradi: rublning mustahkamlanishi mintaqadagi boshqa valyutalarning dollarga nisbatan oʻsishiga yordam bermoqda, lekin ular rublga nisbatan qadrsizlanmoqda.
Iqtisodchiga koʻra, pul oʻtkazmalari (ayniqsa, rublning mustahkamlanishi tufayli oʻsishi mumkin), oltin va boshqa eksport tovarlarining narx oʻzgarishi, shuningdek, kapital oqimi kabi omillar soʻm kursiga taʼsir koʻrsatishi mumkin. Biroq, ushbu omillarga oid aniq maʼlumotlar hozircha mavjud emasligi sababli, ularning taʼsirini aniq baholash qiyin. Shu bilan birga, yil boshidan buyon yuqori darajadagi oltin eksporti (5,6 mlrd dollar) natijasida toʻplangan zaxiralar soʻmning mustahkamlanishida muhim rol oʻynagan boʻlishi ehtimoli yuqori.
Avvalroq, S&P Global reyting agentligi kelgusi uch yildagi rasmiy kursi boʻyicha prognozlarini taqdim etgan edi.
Unga koʻra dollarning oʻzbek soʻmiga nisbatan qiymati:
- 2025 yilda — 13,566 soʻm
- 2026 yilda — 14,244 soʻm
- 2027 yilda — 14,957 soʻm
- 2028 yilda — 15,704 soʻm