Deputatlar Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish boʻyicha qonun loyihasini qabul qildi
Hujjat loyihasi Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda 8 ta qonunga oʻzgartirish kiritishni, islomiy bank, investitsiyaviy depozit va moliya operatsiyalari kabi tushunchalarni qonunchilikka kiritishni nazarda tutadi.
BMT Taraqqiyot dasturi soʻrovnomasiga koʻra, aholining 68 foizi va tadbirkorlarning 60 foizi diniy eʼtiqodi sababli anʼanaviy bank xizmatlaridan foydalanishni istamaydi.

Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini yoʻlga qoʻyishga ruxsat beruvchi qonun qabul qilinishi mumkin. 16 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida islomiy bank faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha qonun loyihasi birinchi oʻqishda maʼqullandi.
Loyiha doirasida Soliq va Fuqarolik kodekslariga, shuningdek, 8 ta qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi koʻzda tutilmoqda. Unda "islomiy bank", "moliya operatsiyalari", "standartlar" hamda "investitsiyaviy depozit" kabi tushunchalarni qonunchilikka kiritish taklif qilinmoqda.
Qonun loyihasida islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus litsenziya joriy etilishi, uni olish tartibi va talablar belgilanishi nazarda tutilgan. Shuningdek, litsenziyaga ega banklar bajarishi mumkin boʻlgan moliyaviy operatsiyalar ham aniq koʻrsatib oʻtilgan.
Islomiy moliyada asosan savdo va sherikchilik orqali moliyalashtirish qoʻllaniladi. Ammo hozirgi qonunchilikda tijorat banklarining savdo bilan shugʻullanishi yoki sheriklik asosida faoliyat yuritishi taqiqlangan. Bu holat islomiy moliya prinsiplari bilan mos kelmaydi. Yangi qonun qabul qilinsa, bunday cheklovlar bekor qilinadi.
Loyiha shuningdek, islomiy banklar va "islomiy darcha"lar uchun buxgalteriya hisobi va auditda AAOIFI (Accounting and Auditing Organization for Islamic Financial Institutions) hamda IFSB (Islamic Financial Services Board) standartlariga mos keluvchi huquqiy asos yaratishni nazarda tutadi.
BMT Taraqqiyot dasturi soʻrovnomasiga koʻra, aholining 68 foizi va tadbirkorlarning 60 foizi diniy eʼtiqodi sababli anʼanaviy bank xizmatlaridan foydalanishni istamaydi.
Qonun qabul qilinsa, Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq tartibga soluvchi mustahkam huquqiy asos shakllanadi.