Deputatlar Markaziy bank mustaqilligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi
Qonun loyihasi Markaziy bank faoliyatini tekshirish tartibini aniqlashtirish, uning normativ hujjatlarini qabul qilish jarayonini soddalashtirish hamda bank tizimi barqarorligini taʼminlashga qaratilgan.

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Markaziy bank faoliyatini yanada takomillashtirish, uning mustaqilligini mustahkamlash hamda bank tizimi barqarorligini taʼminlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasiga koʻra, Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari hamda tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini tekshirish Senat qarori asosida yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda amalga oshiriladi.
Shuningdek, hujjat bilan Markaziy bank tomonidan ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini majburiy kelishish tartibini soddalashtirish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, kredit tashkilotlari uchun prudensial normativlar, korporativ boshqaruv hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga oid hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonini yengillashtirish nazarda tutilgan.
Loyihada moliya bozorida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda tezkor huquqiy choralar koʻrish maqsadida Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarini kuchga kiritish tartibiga oid qoidalar ham belgilanmoqda.
Deputatlarning taʼkidlashicha, mazkur qonun loyihasi bank tizimidagi tavakkalchiliklarni samarali boshqarish hamda moliyaviy barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.









