Deflyatsiya: narxlar tushishi iqtisodiyot uchun qanchalik yaxshi?
Narxlar tushishi bir qarashda yoqimli tuyulsa-da, bu uzoq yillik iqtisodiyotga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Deflyatsiya – bu umumiy narxlar darajasining tushishi jarayonidir. Bu holat bozorda mahsulot va xizmatlarning arzonlashishiga olib keladi. Biroq, narxlar pasayishi birinchi qarashda isteʼmolchilar uchun foydali koʻrinsa-da, uzoq muddatda iqtisodiyotga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Deflyatsiya koʻpincha inflyatsiyaga qarama-qarshi jarayon hisoblanadi va turli iqtisodiy omillar taʼsirida yuzaga keladi. Ulardan baʼzilari quyida keltiriladi.
Talabning kamayishi. Isteʼmolchilarning xarid qobiliyatining pasayishi yoki kompaniyalar mahsulot va xizmatlarga boʻlgan talabni qisqartirishi deflyatsiyani keltirib chiqaradi. Mahsulotlarini sota olmay qolgan ishlab chiqaruvchilar narxlarni arzonlashtiradi.
Ishsizlikning oshishi. Agar iqtisodiy pasayish natijasida ish oʻrinlari qisqarsa yoki ish haqining kamayishi sodir boʻlsa, tabiiyki isteʼmolchi xarajatlarini kamaytiradi. Bu esa talabning tushishiga olib keladi.
Pul aylanishining sekinlashishi. Kredit olishning qiyinlashishi va odamlar tejamkorlikni oshirishga intilishi iqtisodiy faollikni susaytiradi. Bu jarayonlar narxlarning pasayishiga turtki boʻladi.
Texnologik rivojlanish. Yangi texnologiyalar va innovatsiyalar ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradi. Bu esa narxlar pasayishiga olib keladi.
Narxlar tushgani yaxshimi yoki oshgani?
Narxlarning pasayishi dastlab isteʼmolchilar uchun foydali boʻlib tuyulsa-da, aslida bu jarayon iqtisodiy faollikning pasayishiga olib keladi. Narxlar pasayishi kompaniyalar daromadlarining qisqarishiga sabab boʻladi, bu esa ish oʻrinlarining kamayishi va ishsizlikning ortishini yuzaga keltirishi mumkin. Ishchilar daromadlarining kamayishi esa isteʼmol talabini yanada pasaytiradi, bu esa iqtisodiyotdagi turgʻunlikni kuchaytiradi. Yaʼni iqtisodiyot oʻsishdan toʻxtab qolishi ehtimoli paydo boʻladi.
Qarzdorlar uchun deflyatsiya alohida muammolarni keltirib chiqaradi. Narxlar pasayganda qarzning real qiymati oshadi, chunki qarzdorlar qarzlarini qaytarishda avvalgi daromadga nisbatan koʻproq mablagʻ sarflaydi. Bu holat nafaqat shaxsiy, balki korporativ va davlat moliyaviy tizimiga ham zarar yetkazadi. Deflyatsiya uzoq muddatli sarmoyalar kamayishiga olib keladi. Talabning pasayishi va daromadlarning qisqarishi korxonalarni yangi loyihalarga sarmoya qilishdan cheklaydi. Bu iqtisodiy rivojlanishni toʻxtatadi va texnologik yutuqlarning joriy etilishiga toʻsqinlik qiladi.
Yaponiyaning yoʻqotilgan oʻn yili
1990 yillarda Yaponiya “Yoʻqotilgan oʻn yil” deb nomlangan deflyatsiya va iqtisodiy turgʻunlik davrini boshdan kechirdi. Narxlarning tushishi talabning pasayishiga olib keldi, isteʼmolchilar xarajatlarni kechiktirdi, kompaniyalar esa foyda koʻrmay ish oʻrinlarini qisqartirdi.
Banklarning kreditlashni cheklashi real qarz qiymatini oshirdi va qarzdorlar holatini qiyinlashtirdi. Bu holat iqtisodiy oʻsishni toʻxtatdi va ijtimoiy turgʻunlikni kuchaytirdi. Yaponiya tajribasi deflyatsiyaning zararli oqibatlarini koʻrsatib, narxlar barqarorligini taʼminlash qanchalik muhimligini isbotladi.
Yaponiya misolida koʻrganimizdek, deflyatsiya odamlarda pulni saqlash instinktini uygʻotadi. Narxlarning tushishi isteʼmolchilarga arzon mahsulotlar xarid qilish imkonini bergani uchun ular koʻproq tejashga intiladi. Chunki deflyatsiya sharoitida xaridor bir hafta kutib tursa mahsulotni yanada arzonroq narxga sotib olish imkoniyati paydo boʻladi.
Deflyatsiya qisqa muddatda foydali boʻlib koʻrinsa-da, ammo uzoq muddatda iqtisodiyotga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli, narxlar barqarorligini taʼminlash iqtisodiyot rivoji uchun juda muhimdir.
Mavzuga oid: Inflyatsiya haqidagi asosiy tushunchalar