Davlatlar qayerdan yoki kimdan qarz oladi?
Qarz olish mamlakatlar uchun muhim va kerakli moliyaviy instrument hisoblanadi. Ammo bu qarzni mamlakatga kim yoki qaysi tashkilot beradi?
Odatda davlat rivojlanishi va oʻz davlati iqtisodiyotini rivojlantirish yoki barqarorligini saqlab qolish uchun qayerdandir qarz olishi kerak boʻladi. Ammo bu qarzni mamlakatga kim yoki qaysi tashkilot beradi? Bugun biz aynan qarz olinadigan manbalar va ularning turlari haqida gaplashamiz.
Umuman olganda, davlatlarda qarz olish uchun ikki xil manbalar mavjud.
Milliy manbalar
Fuqarolar va institutlar
Bunda hukumat oʻz fuqarolari va mahalliy tashkilotlardan qarz oladi. Misol uchun, davlat tomonidan obligatsiyalar yoki qimmatli qogʻozlar chiqariladi. Bu nisbatan xavfsiz investitsiyalardan biri hisoblanadi, chunki davlat obligatsiya olgan fuqarolar oldida oʻz majburiyatlarini bajarish uchun soliqlarni oshirish yoki pul chop etish imkoniyatiga ega.
Markaziy banklar
Baʼzida hukumat markaziy banklardan qarz oladi. Bu qarz jarayoni odatda markaziy bank davlat obligatsiyalarini sotib olishi orqali amalga oshiriladi. Bunday holatda, markaziy bank davlatga toʻgʻridan-toʻgʻri qarz beradi. Ammo bu jarayon inflyatsiya xavfi va moliyaviy intizomni buzish xavfi tufayli odatda kamdan-kam amalga oshiriladi.
Eng koʻp miqdordagi qarz boʻyicha AQSh jahonda birinchi oʻrinda turadi. Mamlakat qarzi hozirda $36,2 trlnni tashkil qiladi.
Xalqaro manbalar
Chet davlatlar
Davlatlar bir-biriga oʻzaro qarz berishi mumkin, bu koʻpincha davlat obligatsiyalarini sotib olish orqali amalga oshiriladi. Masalan, Yaponiya va Xitoy, AQSh davlat obligatsiyalarining katta qismini oʻzida saqlaydi. Ammo davlatdan-davlatga toʻgʻridan-toʻgʻri qarz berish institutlarlararo qarz olishdan koʻra kamroq uchraydi.
Xalqaro moliyaviy institutlar
Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasi (IMF) va Jahon banki kabi tashkilotlar davlatlarga qarz beradi. Bu qarzlar odatda iqtisodiy islohotlar yoki rivojlantirish maqsadiga yoʻnaltiriladi va koʻpincha qatʼiy shartlar bilan birga beriladi. Ushbu institutlar oʻz mablagʻlarini aʼzo davlatlarning badallari va xalqaro kapital bozorlardan qarz olish orqali yigʻadi.
YaIMga nisbatan davlat qarzi boʻyicha Yaponiya taxminan 255% bilan jahonda birinchi oʻrinda turadi.
Xususiy investorlar
Dunyo boʻylab banklar, investitsiya fondlari va boshqa moliyaviy tashkilotlar hukumat obligatsiyalarini sotib olishadi. Ushbu investorlar foizlardan foyda olishni maqsad qiladi, ammo valyuta kurslaridagi oʻzgarishlar va suveren qarzga bogʻliq xavflar tufayli ularning qarorlariga ehtiyotkorlik bilan yondashiladi. Bu kabi amaliyot asosan rivojlangan mamlakatlarda koʻproq uchraydi.
Koʻp tomonlama va ikki tomonlama kelishuvlar
Davlatlar yirik infratuzilmaviy loyihalar yoki iqtisodiy inqirozlardan chiqish uchun bir nechta davlatlar yoki xalqaro tashkilotlar bilan kelishuvlar orqali qarz olishlari mumkin. Bu turdagi qarz olish odatda uzoq muddatli rejalashtirish va muayyan shartlarni bajarishni talab qiladi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonning hozirgi davlat qarzi $37 mlrdni tashkil qilmoqda. “Fuqarolar uchun byudjet” hisobotida esa bu miqdor 2025 yilda $45,1 mlrdga koʻpayishi, yaʼni YaIMning 36,7 foiziga yetishi prognoz qilinmoqda.