Davlatga begʻaraz berilishi aytilgan Hilton qanday qilib Ortiqxoʻjayevlar oilasining AQShdagi kompaniyasiga oʻtib ketdi?
2019 yilda Jahongir Ortiqxoʻjayev Hilton mehmonxonasi qurib bitkazilgach, davlatga begʻaraz topshirilishini aytgan edi.
Kompaniya keyingi yillarda oʻn milliardlab soliq imtiyozlaridan foydalangan.
2026 yilda mehmonxonaga egalik qiluvchi biznes AQSh kompaniyasi tarkibiga oʻtkazilib, aksiyalarning 99,44 foizi Ortiqxoʻjayev nazoratidagi kompaniya va uning qizi qoʻlida jamlangan.
Pinkod davlatga topshirish haqidagi bayonot, soliq yengilliklari va oila nazorati saqlangan bitimni oʻrgandi.

Davlatga topshirish haqida nima deyilgan edi?
Jahongir Ortiqxoʻjayev 2019 yil 31 yanvarda jurnalistlar bilan uchrashuvda AKFA Dream World qurayotgan Hilton mehmonxonasi va Kongress-xoll foydalanishga topshirilgach, davlatga begʻaraz berilishini aytgan. Bu haqda oʻsha paytda Kun.uz xabar bergan.
“Bular qurilib, hukumatga topshiriladi. Begʻaraz beriladi”, degan Ortiqxoʻjayev.
2026-yilda AQSh Qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etilgan hujjatda Hilton Tashkent’ning egasi va operatori AKFA Dream World ekani koʻrsatilgan. Kompaniya Wyndham Bukhara mehmonxonasi va CAEX koʻrgazma markazini ham birlashtiruvchi TEG SPV tarkibiga kiradi.
Shunday qilib, 2019 yilda davlatga begʻaraz topshirilishi aytilgan mehmonxona 2026 yilgi hujjatlarda AKFA Dream World mulki sifatida koʻrsatilgan. Keyinchalik ushbu kompaniyaga egalik qiluvchi TEG SPV ulushlari Ortiqxoʻjayev oilasi nazoratidagi AQSh kompaniyasi aksiyalariga almashtirilgan.
Soliq imtiyozlari qancha boʻlgan?
Yillik moliyaviy hisobotga koʻra, Hilton Tashkent qurilishi va faoliyati uchun 2017 yilda barcha turdagi soliqlar, jumladan QQS va foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlar berilgan. Ular 2025 yil 1 yanvargacha amal qilgan.
Mehmonxona 2019 yil oxirida ish boshlagan. Hisobotda QQS imtiyozidan foydalanilgani, foyda soligʻi boʻyicha imtiyoz esa qoʻllanmagani qayd etilgan.
Ochiq manbalarda AKFA Dream World foydalangan imtiyozlar boʻyicha quyidagi summalar keltirilgan.
| Davr | Soliq turi | Imtiyoz miqdori |
|---|---|---|
| 2021 yil | QQS | 21,9 mlrd soʻm |
| 2022 yil I chorak | Mol-mulk soligʻi | 0,9 mlrd soʻm |
| 2023 yil | Mol-mulk soligʻi | 25,9 mlrd soʻm |
| 2023 yil | Ijtimoiy soliq | 5,1 mlrd soʻm |
| Jami | Keltirilgan davr va soliqlar boʻyicha | 53,8 mlrd soʻm |
Shu tariqa, birgina 2023 yilda mol-mulk va ijtimoiy soliqlar boʻyicha 31 mlrd soʻm imtiyoz qoʻllangan. Jadvaldagi 53,8 mlrd soʻm davrlari bir-birini takrorlamaydigan koʻrsatkichlar yigʻindisi boʻlib, 2017–2024 yillardagi barcha imtiyozlarni qamrab olmaydi.
AQSh kompaniyasida oila nazorati saqlangan
Ortiqxoʻjayev 2026 yil 5 iyunda AQShning StageWise Strategies kompaniyasidagi 74,2 foizlik paketni 750 ming dollarga sotib olgan. Xarid shaxsiy mablagʻlar hisobidan amalga oshirilgan.
Keyinchalik u yana 250 ming dollar evaziga 1 mln yangi aksiya olgan. Ikki bosqichdagi jami xarajat 1 mln dollarni tashkil etgan.
13 oktabrda TEG SPV ulushlarini AQSh kompaniyasi aksiyalariga almashtirish bitimi yakunlangan. StageWise TEG Overseas deb qayta nomlangan. TEG SPV orqali Hilton, Wyndham Bukhara va CAEX bizneslari AQSh kompaniyasi tarkibiga kirgan.
Bitimdan keyin Tourism and Entertainment Group’ga 68,30 foiz, Ortiqxoʻjayevning qizi Irodaxon Abduvahidovaga 31,14 foiz aksiya tegishli boʻlgan. Ularning jami ulushi 99,44 foizni tashkil etgan. Ortiqxoʻjayev TEG’ning taxminan 99,93 foiziga egalik qilishi koʻrsatilgan. Abduvahidova direktorlar kengashiga ham kirgan.
Dastlab bitim bilan birga kamida 18 mln dollar moliyalashtirish jalb qilish sharti qoʻyilgan. Tomonlar ushbu talabdan voz kechib, bitimni usiz yakunlashga kelishgan. Hujjat topshirilgan paytda kompaniya aksiyalari birjadan tashqari OTCID Basic Market’da kotirovka qilingan.
Foyda kamaygan, egasi foydasiga toʻlovlar oshgan
Guruh 2026 yil yanvar–iyunda 3,6 mln dollar sof foyda olgan. Yarim yillik hisobotga koʻra, bu oʻtgan yilning mos davridagi 5,2 mln dollardan 30 foiz kam. Tushum esa 18,5 mln dollardan 17,4 mln dollarga yoki 6,2 foizga qisqargan.
Tushum kamayishi bilan birga, sotish tannarxi 10 mln dollardan 10,7 mln dollarga, sotish, umumiy va maʼmuriy xarajatlar esa 1,4 mln dollardan 1,9 mln dollarga oshgan. Natijada operatsion foyda 6,3 mln dollardan 4,1 mln dollarga tushgan.
Ayni davrda guruh egasi foydasiga taqsimotlar 3,5 mln dollardan 6,9 mln dollarga yoki 93,3 foizga oshgan. Bu yarim yillik sof foydadan 1,9 baravar koʻp. Hisobotda benefitsiar nomidan toʻlangan xarajatlar ham ushbu toifada hisobga olingan.
100 mln dollarlik kafillik
Hisobotning kafilliklarga oid izohida yozilishicha, guruh 2025 yil martida Halyk Bank’dan kredit olgan aloqador kompaniyaning 100 mln dollarlik majburiyatlariga kafillik bergan. Qarz oluvchi TEG SPV tarkibiga kirmaydi, ammo umumiy benefitsiar nazoratida.
AKFA Dream World mulki qayta garovga qoʻyilgan. Kafillik uchun haq olinmaydi. Guruh qarzdor oʻrniga toʻlov qilsa, undan mablagʻni regress tartibida qaytarishni talab qilish huquqi ham yoʻq.
Kafillik 2031 yil oxirigacha amal qiladi. Maksimal tavakkalchilik 100 mln dollar hamda foiz, yigʻim va penyalarni qamrab oladi. Qarz oluvchining nomi ushbu izohda ochiqlanmagan.
Aloqador kompaniyalar
Yillik hisobotda Jahongir Ortiqxoʻjayev yakuniy benefitsiar, Tourism and Entertainment Group bosh kompaniya sifatida koʻrsatilgan. Umumiy nazorat ostidagi korxonalar qatorida quyidagilar sanalgan.
- Artel Electronics, Artel Electronics Manufacturing, Artel Support va Artel Technical School;
- AKFA Medline, AKFA Building Materials, AKFA Aluminium va AKFA Food;
- Discover Invest, Durable Beton va Obod Shahar Qurish;
- Central Asian University va CAU Edutainment;
- Zoʻr TV Teleradiokompaniyasi, Aria Sug‘urta va Citynet;
- Aurum Global Group, Multinational Mine Group va ADW–International Congress Hall;
- Milenio, J-United Group va Macmerry Management LP;
- Milliy Bog Xizmati, Citizen Travel, Restoran N va Energo Point Pro;
- Newexpo, Excellent Sweets Store, Ocard va Green Zone of World;
- Alviero, Smart Illumination, Chalet Restoran va Texnogarant;
- Viva Universal Line, Inspo Care, Maroon Trade va Asia Star Plaza;
- One Team Hospitality, Ekzotella, Profi Solutions va Routestar Logistics.









