Davlat tomonidan beriladigan ipoteka kreditlari boʻyicha foiz stavkalari pasaytirildi
Foiz stavkasi 2 foizga pasaytirilgan boʻlib, hozirda bir necha banklar bunday ipoteka kreditlarini taklif qilmoqda.

Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ipoteka kreditlari foiz stavkalarining tushirilganini eʼlon qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning 2024 yil 21 fevraldagi farmoniga muvofiq, kompaniyaning belgilangan talablari asosida hamkor banklar tomonidan ajratiladigan ipoteka kreditlarining yangilangan shartlari belgilandi.
Batafsil shartlar:
Ipoteka kreditlari 20 yilgacha muddatga beriladi va birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun moʻljallangan. Ushbu kreditlardan rasmiy daromadga ega boʻlgan shaxslar foydalanishi mumkin. Kredit miqdori Toshkent shahri uchun 800 mln soʻmgacha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar uchun esa 500 mln soʻmgacha etib belgilangan.
Foiz stavkalari oʻzgarishi:
Avval ipoteka kreditining foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi + 8% edi (yaʼni 21,5%). Endilikda ushbu miqdor Markaziy bank asosiy stavkasi + 6% etib belgilandi. Hozirgi kunda bu 19,5% foizni tashkil qiladi.
Ipoteka kreditlari quyidagi banklarda mavjud:
- Hamkorbank – 1256
- InFinBank – 1214
- OFB – 4004
- Agrobank – 1216
- Asakabank – 1152
- Ipoteka bank – 1233
- Milliy bank – 1344
- Xalq banki – 1106
- BRB – 1254
- Turonbank – 1220
Banklarning mavjud filiallari haqidagi maʼlumotni mazkur havola orqali olish mumkin