Davlat banklarini xususiylashtirish yana kechikishi mumkin - Fitch ratings
Xalqaro reyting agentligi bank sektoridagi islohotlarga qaramasdan, hanuz ayrim xatarlar saqlanib qolayotganini taʼkidlamoqda.
Ular qatoriga moliyalashtirish xarajatlarining oshishi, valyutaga bogʻliqlik va aktivlar sifatiga doir muammolar kiradi.

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligining Toshkentda yaqinda oʻtkazilgan konferensiyasida taʼkidlanishicha, 2020 yildan buyon Oʻzbekiston bank sektorida olib borilayotgan islohotlar muhim natijalarni bermoqda.
Shunga qaramay, tijorat banklarining kredit portfeli hanuzgacha chuqur ildiz otgan tarkibiy muammolar va soʻnggi yillarda yuzaga kelgan yangi xatarlar tufayli bosim ostida qolmoqda.
Islohotlar doirasida erishilgan eng muhim yutuqlardan biri sifatida 2023 yilda yirik davlat banklaridan biri — Ipoteka-bank (BB-/Barqaror)ning Vengriyada joylashgan OTP Group’ga muvaffaqiyatli xususiylashtirilgani qayd etildi. Shuningdek, xususiylashtirilishi rejalashtirilgan boshqa banklarda ham boshqaruv sifati va korporativ boshqaruv sezilarli darajada yaxshilangan. Biroq, ayrim banklarning xususiylashtirilish jarayoni bir necha bor kechiktirilgan.
Xususiylashtirish yana kechikishi mumkin
Prezident farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston sanoat-qurilish banki (SQB), Asaqabank va Aloqabank 2025-yil oxirigacha xususiylashtirilishi lozim. Har uchala bank “BB-” reytingiga ega boʻlib, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Biroq past daromad keltiruvchi yoʻnaltirilgan kreditlar (ularning baʼzilari past sifatli hisoblanadi), kapital yetishmovchiligi sababli kredit oʻsishining cheklanishi va ichki bozorda kuchli raqobat bu banklarning xususiylashtirilishini murakkablashtiradi.
Davlat banklarining ayrimlari esa ish uslubini oʻzgartirib, ijtimoiy yoʻnaltirilgan va subsidiya berilgan kreditlar ulushini kamaytirib, tijorat kreditlariga — yaʼni aholi va kichik biznesni moliyalashtirishga — faol oʻtmoqda. Xalq Banki, Biznesni rivojlantirish banki hamda Mikrokreditbankning ayrim ulushlari yangi tashkil etilgan Milliy investitsiya jamgʻarmasiga oʻtkazildi. Mazkur jamgʻarma xalqaro tajribaga ega Franklin Templeton kompaniyasi tomonidan boshqariladi. Bu esa banklar boshqaruvi va xavflarni nazorat qilish tizimini mustahkamlash, davlat aralashuvini kamaytirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Moliyalashtirish xatarlari va dollarlashuv taʼsiri
Moliyalashtirish xarajatlari, ayniqsa AQShdagi foiz stavkalari bilan bogʻliq noaniqliklar sababli, oshishi mumkin. Shuningdek, dollarlashuv darajasining hanuz yuqoriligi (garchi bu koʻrsatkich soʻnggi vaqtlarda rekord past darajaga tushgan boʻlsa-da), aktivlar sifati bilan bogʻliq davom etayotgan xatarlar va tashqi moliyalashtirishga boʻlgan qaramlik mamlakat bank sektori moliyaviy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Biroq, davlat tomonidan koʻrsatilayotgan qoʻllab-quvvatlov va xalqaro moliyaviy institutlardan olingan imtiyozli, uzoq muddatli tashqi qarzlar bu xatarlarni yumshatishga yordam bermoqda. Fitch prognoziga koʻra, reytingga ega Oʻzbekiston banklaridagi muammoli kreditlar darajasi 2025–2026 yillarda 9–10% atrofida eng yuqori choʻqqiga chiqishi mumkin (2023-yilda bu koʻrsatkich 8% edi).
Chakana kreditlashning keskin oʻsishi banklar rentabelligiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan boʻlsa-da, bu jarayon maʼlum xatarlarni ham yuzaga keltirmoqda. Bunday kreditlar kredit portfelining diversifikatsiyasini taʼminlab, dollarizatsiyani qisqartirishga xizmat qilgan. Markaziy bank avtomobil kreditlari va oilaviy biznes kreditlariga cheklovlar joriy etib, bu borada samarali natijalarga erishdi.
Shuningga qaramay, taʼminotsiz isteʼmol kreditlari (garovsiz kreditlar) yillik hisobda 50% ga oshdi. 2025 yilning birinchi choragida ularning ulushi umumiy kreditlarning 9% ni tashkil etdi (2023 yil oxirida — 5%). Bu esa hukumat tomonidan ushbu segmentga nisbatan qoʻshimcha nazorat choralarini kiritishni taqozo etmoqda.
Bundan tashqari, kichik va oʻrta biznes (KOʻB) subʼektlariga ajratilayotgan kreditlar ham maʼlum xatarlarni oʻz ichiga oladi. Hozirda hukumat ushbu sohani faol qoʻllab-quvvatlamoqda, banklar ham ushbu segmentda faol kreditlashni boshlagan. Biroq qishloq xoʻjaligi, qurilish va toʻqimachilik sohalari, shuningdek, xorijiy valyutadagi kreditlar yuqori darajadagi tavakkalchilik bilan bogʻliq boʻlib qolmoqda.