Davaktiv kamida 250 mlrd soʻmlik yer uchastkalarini yopiq auksionlarda, bozor narxidan past sotib yuborgan
Xususan, agentlik mansabdor shaxslari qiymati kamida 250 milliard soʻm boʻlgan yer uchastkasini yopiq auksion orqali atigi 120 milliard soʻmga sotib yuborgani aniqlangan.
Mazkur holatlar sabab 26 yanvar kuni agentlik direktori A. Ortiqov lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlarida byudjet mablagʻlari oʻzlashtirilgani aniqlanib, rahbarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mansabdor shaxslari milliardlab soʻmlik yer uchastkalarini yashirin ravishda, bozor qiymatidan ancha arzon narxlarda sotib yuborgani maʼlum boʻldi.
27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishini oʻtkazdi.
Yigʻilishda hozirda “Oʻzbekneftegaz” AJ hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligida keng koʻlamli taftish ishlari olib borilayotgani, natijada milliardlab soʻmlik talon-torojlik holatlari aniqlangani qayd etildi.
Xususan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard soʻm boʻlgan yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, uni atigi 120 milliard soʻmga sotib yuborgan.
Mazkur holatlar sabab 26 yanvar kuni agentlik direktori A. Ortiqov lavozimidan ozod etildi.
Davlat rahbari ushbu holat yuzasidan keskin munosabat bildirib, shunday dedi:
“Haqli savol tugʻiladi. Ushbu idoralarda yillar davomida korrupsiya avj olgan boʻlsa, xavfsizlik masalalari uchun masʼullar qayerga qaragan?” – degan davlat rahbari.
Shu munosabat bilan Davlat xavfsizlik xizmati raisiga “Oʻzbekneftegaz” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga masʼul boʻlgan xodimlarning javobgarligini koʻrib chiqish topshirildi.
Shuningdek, Komplayens xizmati hamda Davlat xavfsizlik xizmatiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mansabdorlariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha tergov guruhiga iqtisodiy masalalar uchun masʼul boʻlgan mutaxassislarni jalb etish vazifasi yuklatildi.
“Sotilgan davlat mulklari boʻyicha har bir holatni sinchkovlik bilan tekshirib, barcha korrupsiyaviy sxemalarni fosh qilsin va jazo muqarrarligini taʼminlasin”,– dedi Shavkat Mirziyoyev.
Vazir oʻrinbosari va departament boshligʻiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan
Qayd etilishicha, Administratsiya va davlat idoralarida komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi joriy etilgach, qisqa muddat ichida qator yirik talon-torojlik holatlari aniqlangan.
Xususan, byudjet tushumlari, moliyaviy kamchiliklar va talon-torojlar boʻyicha 53 trillion soʻm, tashqi savdo operatsiyalarida esa 8 milliard dollardan ortiq qarzdorlik aniqlangan.
Korrupsiyaviy sxemalar oqibatida 4,2 trillion soʻmlik zarar yetkazilgani aniqlanib, uning 1,3 trillion soʻmi undirib olingan. Ushbu ishlar doirasida 55 nafar shaxs qamoqqa olingan.
Masalan, Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlari orqali 186 milliard soʻm byudjet mablagʻi oʻzlashtirilgani aniqlanib, vazir oʻrinbosari B. Abdullayev hamda departament boshligʻi R. Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Umuman olganda, davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlik uchun masʼul boʻlgan tuzilmalar faoliyatini tanqidiy qayta koʻrib chiqish vaqti kelgani taʼkidlandi.









