Chirchiqda bank xodimi 13 kishining 1,3 mlrd soʻm omonatini oʻzlashtirdi
Chirchiq shahrida tijorat banki xodimi 13 nafar fuqaro omonat uchun topshirgan jami 1,3 mlrd soʻmni oʻzlashtirganlikda gumon qilinmoqda. U pullarni bankka kirim qilmasdan, tizimga mablagʻlar omonat hisobvaraqlariga oʻtkazilgani haqida soxta maʼlumot kiritgan.

Chirchiq shahrida tijorat bankining BXM boʻlimi boshligʻi fuqarolar omonat uchun topshirgan mablagʻlarni bank kassasiga kirim qilmasdan oʻzlashtirganlikda gumon qilinmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 13 nafar fuqaroning jami 1,3 mlrd soʻmi talon-toroj qilingan.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Chirchiq shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banki xodimining noqonuniy harakatlari aniqlangan.
Departament maʼlumotiga koʻra, bankning BXM boʻlimi boshligʻi O.R. 13 nafar fuqaro tomonidan omonat uchun topshirilgan pullarni bank kassasiga kirim qilmagan.
Ayni paytda u mablagʻlar bankka qabul qilingandek koʻrsatish uchun fuqarolarning omonat hisobvaraqlariga soxta maʼlumotlar kiritgani aytilmoqda.
Natijada jami 1,3 mlrd soʻm mablagʻ oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi — oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish alomatlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.









