12 447.350 so‘m

increase

86.490

14 545.970 so‘m

increase

66.460

146.080 so‘m

increase

0.420

12 447.350 so‘m

increase

86.490

06-sentabr, 14:07
Work&life

Boʻlajak trillioner: Tesla 2035 yilgacha Ilon Maskka $1 trlnlik mukofot paketi berishi mumkin

Toʻliq paketni qoʻlga kiritishi uchun u 10 yil davomida kompaniya qiymatini $1,1 trlndan $8,5 trlngacha oshirishi hamda foydani $17 mlrddan 400 mlrdgacha koʻtarishi kerak. Bundan tashqari, Mask 1 mln avtonom taksi va 1 mln robotni tijoratga chiqarishi shart.

Boʻlajak trillioner: Tesla 2035 yilgacha Ilon Maskka $1 trlnlik mukofot paketi berishi mumkin
Foto: AI / Pinkod.uz

Tesla kuzatuv kengashi kompaniya bosh direktori Ilon Mask uchun misli koʻrilmagan ish haqi paketini taqdim etdi. Agar bu reja amalga oshsa, u dunyo tarixidagi birinchi trillionerga aylanishi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.

Dunyoning eng boy odami hisoblangan Mask mukofotni toʻliq qoʻlga kiritishi uchun keyingi oʻn yil ichida Tesla’ning bozor qiymatini sakkiz barobar oshirishi lozim. Bu maʼlumot qimmatli qogʻozlar boʻyicha topshirilgan hujjatlarda qayd etilgan.

Mukofot naqd pullarda emas, balki Tesla aksiyalari koʻrinishida beriladi. Reja aksiyadorlar tomonidan maʼqullanishi shart boʻlib, masala 6 noyabr kuni boʻlib oʻtadigan yillik yigʻilishda ovozga qoʻyiladi.

Yangi paket Ilon Mask boyligini qariyb $900 mlrdga oshirishi mumkin. Forbes’ning maʼlumotiga koʻra, hozirda Maskning boyligi $437 mlrdni tashkil etib, u jahonning eng boy insoni sanaladi.

Agar Tesla’ning bozor qiymati $1,1 trlndan $8,5 trlngacha oshirilsa, Mask $900 mlrdga yaqin qoʻshimcha boylik orttiradi. Bu nafaqat korporativ tarixdagi eng katta rahbarlik mukofoti boʻladi, balki Maskning kompaniyadagi ulushini qariyb 29 foizga yetkazadi.

Reja shartlariga koʻra, Mask mukofotdan foydalanishi uchun kamida 7,5 yil Tesla’da qolishi kerak, toʻliq paketni olish uchun esa 10 yil davomida kompaniyani boshqarishi shart. Bundan tashqari, u quyidagi ulkan vazifalarni ham bajarishi kerak boʻladi:

  • 1 million avtonom taksini tijoratga chiqarish,
  • 1 million robot ishlab chiqarish,
  • kompaniya foydasini 24 barobar oshirish.

Rejaga koʻra, Tesla qiymati 2 trillion dollarga yetganda Mask 35 mln aksiyani qoʻlga kiritadi. Kompaniya qiymati $8,5 trlngacha oshgan sari unga qoʻshimcha aksiyalar ham beriladi. Toʻliq mukofotga erishish uchun esa kompaniya foydasi $17 mlrddan $400 mlrdgacha koʻtarilishi zarur.

Biroq bu maqsadlarga erishish oson emas. Chunki dunyo boʻylab boshqa yirik kompaniyalar ham avtonom transport vositalari va robototexnika ustida faol ishlamoqda.

Tesla kuzatuv kengashi raisi Robin Denholm aksiyadorlarga yoʻllagan maktubida shunday deydi:

“Ilonni kompaniyada saqlab qolish va uni ragʻbatlantirish Teslaʼning bu ulkan maqsadlarga erishishida, hamda tarixdagi eng qimmat kompaniyaga aylanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega”.

Eslatib oʻtamiz, Mask Tesla’dan tashqari SpaceX, xAI va ijtimoiy tarmoq X’ni ham boshqaradi. Yangi reja uning boshqa loyihalari yoki siyosiy faoliyatiga cheklov qoʻymaydi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+