Biznesni rivojlantirish banki 2025 yilning dastlabki yarmida 320 mlrd soʻm sof foyda koʻrdi
Biznesni rivojlantirish banki 2025 yilning birinchi yarim yilligida 319,7 mlrd soʻm sof foyda qayd etdi. Bu bank uchun oʻtgan yilga nisbatan moliyaviy yaxshilanishni anglatadi. Maʼlumot uchun, BRB 2024 yilning ayni shu davrida 378 mlrd soʻm zarar koʻrgan.

Biznesni rivojlantirish banki (BRB) 2025 yilning birinchi yarim yilligidagi moliyaviy natijalarni eʼlon qildi.
Hisobotga koʻra, bank joriy yilning dastlabki olti oyida 319,7 milliard soʻm sof foyda koʻrgan.
Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davridagi 378 milliard soʻmlik sof zarar bilan solishtirilganda, bank moliyaviy holatida sezilarli ijobiy oʻzgarish kuzatilganini anglatadi. Bir yil ichida bankning sof foydasi 184,5 foizga oʻsgan.
Yanvar–iyun oylarida bankning foizli daromadlari 3,2 trillion soʻmga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 96 foizga oshgan. Shu bilan birga, foizsiz daromadlar ham 1,3 trillion soʻmni tashkil etib, 210,6 foizlik oʻsishga erishildi.
Hisobot davrida BRB xodimlar maoshiga 398,4 milliard soʻm sarflagan. Bank tomonidan toʻlangan daromad soligʻi esa 41,3 milliard soʻmni tashkil etgan.
2025 yil 1 iyun holatiga koʻra, BRB’ning jami kredit portfeli 18,8 trillion soʻmni tashkil qilmoqda. Shundan 7,8 foizi yoki 1,8 trillion soʻmi muammoli kreditlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Avvalroq, Pinkod Oʻzmilliybank 2025 yilning yarmida 1 trln soʻm sof foyda olgani haqida yozgan edi.
Shuningdek, banklar moliyaviy koʻrsatkichlari, shu jumladan, sof foydasi haqidagi muhim maʼlumotlar bilan mazkur havola orqali tanishish mumkin.