Bill Geytsdan sunʼiy intellekt haqida barcha oʻqishi zarur boʻlgan kitob tavsiyasi
Kitobda sunʼiy intellekt ortidan keladigan oʻzgarishlar va uning ish kuchiga qanday taʼsir qilishi haqida soʻz yuritiladi. Bill Geyts yaqinda oʻzining sunʼiy intellekt (AI) haqidagi eng sevimli kitobi haqida fikr bildirdi.
Kitob “Kelajak toʻlqini: texnologiya, kuch va XXI asrning eng katta dilemmasi”(The Coming Wave: Technology, Power, and the Twenty-first Century’s Greatest Dilemma) deb nomlanadi. U 2023 yilda chop etilgan boʻlib, DeepMind tadqiqot laboratoriyasi asoschisi, sunʼiy intellekt kashfiyotchisi Mustafo Sulaymon tomonidan yozilgan. Muallif 2014 yilda laboratoriyani Google’ga sotgan va hozirda Microsoft AI’da bosh direktor boʻlib ishlaydi. Kitob The Economist, Bloomberg va Financial Times kabi nashrlar tomonidan 2023 yilning eng yaxshi kitoblari qatorida eʼtirof etilgan.
“Men bu kitobni davlat rahbarlari, biznes rahbarlari va boshqa istalgan kishiga sunʼiy intellekt boʻyicha har qanday kitobdan koʻproq tavsiya qilaman. Chunki u noyob narsa, oldindagi favqulodda imkoniyatlar va haqiqiy xavf-xatarlar haqida aniq tasavvur qilish imkoniyatini taklif qiladi” deb yozgan Geyts oʻtgan oy oʻz blog postida.
Kitobda Sulaymon sunʼiy intellekt rivojlanishidagi jadal yutuqlar deyarli har bir sohaning faoliyat yuritish usulini butunlay oʻzgartirib yuborishini taxmin qilgan. U McKinsey konsalting guruhi tomonidan 2023 yilda oʻtkazilgan tadqiqotga havola qilib, 2030 yildan boshlab barcha ish faoliyatining taxminan yarmi avtomatlashtirilishini taʼkidlagan.
Muallifning yozishicha, sunʼiy intellekt olib keladigan oqibatlari eng kamida yangi koʻnikmalarni egallash va boshqa turdagi ishlarga oʻtishga majbur boʻladigan yuz millionlab odamlar uchun juda katta qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. McKinsey maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻylab 400 milliondan ortiq ishchi yangi ish yoki lavozimlarga oʻtishiga toʻgʻri kelishi mumkin.
Sunʼiy intellekt allaqachon xodimlarga yanada samaraliroq ishlashga yordam bermoqda. Ammo bu faqat dastlabki bosqichda kuzatiladi. Sulaymonning taʼkidlashicha, bu vositalar inson aqliy qobiliyatini faqat vaqtincha kuchaytiradi.
“Ular bizni maʼlum vaqtga aqlliroq va samaraliroq qiladi hamda ulkan iqtisodiy oʻsishga olib keladi, lekin ular aslida inson mehnati oʻrnini bosuvchi texnologiyalardir” degan u oʻz kitobida.
U, shuningdek, sunʼiy intellekt inqilobi jismoniy ishlab chiqarishdan tortib aqliy mehnatgacha deyarli barcha sohalarni qamrab olishi haqida yozgan. Oxir-oqibat, odamlar mashinalardan ustun keladigan sanoqli sohalar qoladi. Unga koʻra, sunʼiy intellekt boshqaruv, mijozlarga xizmat koʻrsatish va kontent yaratish kabi vazifalarda insonlardan tez orada oʻzib ketadi.
Mustafo Sulaymonga koʻra, bu jarayon ikki xil natijaga olib kelishi mumkin. Birinchisida, ish beruvchilar iqtisodiy oʻsishga javoban millionlab yangi ish oʻrinlarini yaratishadi. Biroq, bu ishlarning barchasi ham odamlarga nasib etmaydi: ish beruvchilar imkon qadar arzonroq boʻlgan AI xizmatlaridan foydalanishni afzal koʻrishadi.
Ayrim lavozimlarni egallash sunʼiy intellektga katta qiyinchiliklar olib keladi. Shu sababli santexnik va elektrik kabi malaka talab qiluvchi kasblar saqlanib qolaveradi. Bundan tashqari, sunʼiy intellekt rivojlanib borayotgan davrda yumshoq koʻnikmalar (Soft skills), tanqidiy fikrlash, kreativlik va ijtimoiy qobiliyatlar har qachongidan ham koʻproq qadrlanadi.