Belarus bankirlari Oʻzbekiston bank va fintex kompaniyalarida rahbarlik lavozimlarini egallamoqda
Oʻzbekiston bank va fintex bozorida Belarus bank maktabi vakillari tobora koʻproq koʻzga tashlanmoqda. OfficeLife nashriga koʻra, soʻnggi yillarda Belarus bank sektorida tajriba orttirgan bir qator top-menejerlar HUMO, Uzum, InfinBANK, Tez va “Ipoteka-bank” kabi tashkilotlarda muhim rahbarlik lavozimlarini egallagan.

Oʻzbekiston moliya bozorida soʻnggi yillarda raqamli transformatsiya, toʻlov infratuzilmasi va neobanklar rivoji sezilarli tezlashdi. Bu jarayon mahalliy bank va fintex kompaniyalaridan nafaqat kapital va texnologik yechimlarni, balki murakkab bank mahsulotlari, IT-infratuzilma, risk-menejment, strategik rivojlanish hamda fintex tajribasiga ega kadrlarni ham talab qilmoqda.
OfficeLife nashrining yozishicha, ayni shu ehtiyoj fonida Belarus bank sektorida ishlagan bir qator mutaxassislar Oʻzbekiston moliya bozorida rahbarlik lavozimlarini egallay boshlagan. Nashr bunga HUMO, InfinBANK, Uzum, Tez va Ipoteka bank kabi tashkilotlardagi soʻnggi tayinlovlarni misol qilib keltiradi.
HUMO’da Belarus bank infratuzilmasidan kelgan mutaxassislar bor
Materialda eng soʻnggi misollardan biri sifatida Aleksandr Sotnikovning HUMO toʻlov tizimiga kelgani qayd etilgan. Sotnikov avval Belarusdagi Bank protsessing markazi — Belkart milliy toʻlov tizimi operatorini boshqargan. May oyida u Oʻzbekistondagi yirik toʻlov tizimlaridan biri boʻlgan HUMO’da boshqaruv raisi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan. Keyinchalik HUMO xabarlarida u “boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari” sifatida tilga olingan.
HUMO’da Belarus bank infratuzilmasida ishlagan boshqa mutaxassislar ham bor. Xususan, Yelena Bekish avval Bank protsessing markazida iqtisodiyot va moliya boʻyicha bosh direktor oʻrinbosari boʻlib ishlagan. Hozir esa u HUMO’da strategik biznesni rivojlantirish departamenti ijrochi direktori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Trend faqat toʻlov tizimlari bilan cheklanmayapti
Belarus bank tajribasiga ega menejerlar klassik banklarda ham uchraydi. Masalan, Alesya Frolova hozir InfinBANK boshqaruvi raisi oʻrinbosari lavozimida ishlamoqda. U avval Belarus xalq bankida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Raqamli bank xizmatlari yoʻnalishida ham shunday misollar bor. Aleksandr Filippovich Hamkorbank tomonidan bozorga chiqarilgan Tez mobil ilovasining CEO’si hisoblanadi. Hamkorbank saytida ham Tez raqamli ofisiga rahbar sifatida Aleksandr Filippovich koʻrsatilgan.
Filippovich avval Uzum Bank’da operatsion direktor va boshqaruv raisi lavozimlarida ishlagan. Bungacha esa u Belarus bank sektorida 20 yildan ortiq tajriba orttirgan, jumladan Belinvestbank, Delta Bank va BNB-Bank’da yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Uzum va Ipoteka bankda ham belaruslik ekspatlar mavjud
Uzum ekotizimida ham Belarus bank va konsalting maktabi vakillari bor. Kompaniyaning moliyaviy direktori Nikita Gulyayev Belarusdan kelgan. U Oʻzbekistonga kelishidan oldin qariyb toʻqqiz yil Alfa-Bank Belarus’da ishlagan, undan avval esa EY va PwC’ning Belarus ofislarida faoliyat yuritgan.
Uzum 2024 yilda $1 mlrddan yuqori baholanishga erishib, Oʻzbekistonning birinchi “yakkashox” texnologik kompaniyasiga aylanganini eʼlon qilgan. Kompaniya oʻzini elektron tijorat, yetkazib berish, bank va fintex xizmatlarini birlashtirgan raqamli ekotizim sifatida taʼriflaydi.
Chet el kapitali ishtirokidagi banklarda ham Belarus tajribasiga ega mutaxassislar uchraydi. Dmitriy Volchek Ipoteka bankda boshqaruv raisi oʻrinbosari va axborot texnologiyalari bloki rahbari lavozimida ishlaydi. U faoliyatini 1998 yilda Belarus Milliy bankida boshlagan, keyinchalik Priorbank, Bank Dabrabyt va WebPay’da IT yoʻnalishlarini boshqargan.









