Bankomat pul bermasa, bank “operatsiya muvaffaqiyatli” degan javob bilan cheklana olmaydi — Markaziy bank
Markaziy bank tijorat banklari va toʻlov tashkilotlariga kartadan mablagʻ yechilgan, ammo bankomat naqd pul bermagan holatlar boʻyicha xat yubordi.
Regulyatorga koʻra, operatsiyaning tizimda “muvaffaqiyatli” deb qayd etilishi mijozga pul berilganini isbotlash uchun yetarli emas.
Bank yoki toʻlov tashkiloti murojaatni koʻrib chiqishda videoyazuvlar, bankomatdagi naqd pul qoldigʻi va boshqa dalillarni ham tekshirishi, pul berilmagani tasdiqlansa, hisobdan yechilgan mablagʻni qaytarishi shart.

Markaziy bank 2026 yil 30 oktabrda tijorat banklari va toʻlov tashkilotlariga kartadan mablagʻ yechilgan, ammo bankomat naqd pul bermagan holatlar boʻyicha xat yubordi.
Xatda aytilishicha, ayrim banklar va toʻlov tashkilotlari bunday murojaatlarni koʻrib chiqishda operatsiya “muvaffaqiyatli” yakunlanganini koʻrsatuvchi elektron jurnallarga tayanmoqda. Biroq bankomatdan foydalanish talablariga rioya qilinmagani yoki zarur maʼlumotlar saqlanmagani sababli ular baʼzan mijozga pul haqiqatan berilganini ishonchli tasdiqlay olmayapti.
Markaziy bankka koʻra, tizimdagi “muvaffaqiyatli” qaydning oʻzi mijoz naqd pul olganini isbotlash uchun yetarli emas. Tekshiruvda elektron jurnal va texnik maʼlumotlar bilan birga videoyazuvlar, bankomatdagi naqd pul qoldigʻini solishtirish natijalari hamda toʻlov infratuzilmasi ishtirokchilaridan olingan maʼlumotlar ham hisobga olinishi kerak.
Tekshiruv yakunida bank yoki toʻlov tashkiloti mijozga nima aniqlangani va xulosa qaysi dalillarga tayanganini yozishi shart. Agar xizmat koʻrsatuvchining oʻzi majburiy talablarni buzgani, masalan, zarur maʼlumotni saqlamagani tekshiruvga toʻsqinlik qilsa, buning oqibatini mijoz zimmasiga yuklab boʻlmaydi.
Bankomat naqd pul bermagani tasdiqlansa, qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan tashkilot hisobdan yechilgan mablagʻni qonunchilikka muvofiq qaytarishi shart. Markaziy bank nazorat va javobgarlik choralarini qoʻllashda qoidabuzarlikning xususiyati, oqibatlari va tashkilot kamchilikni bartaraf etish uchun koʻrgan choralarni hisobga oladi.
Regulyator may oyida ham bankomat pul bermagan yoki kartani qaytarmagan holatlar boʻyicha murojaatlarni ustuvor koʻrib chiqishga chaqirgan edi. Oʻshanda Markaziy bank texnik xato tasdiqlansa, mablagʻni imkon qadar mijoz murojaatini kutmasdan qaytarish, bajarilmagan operatsiya uchun ushlangan komissiyani esa avtomatik qaytarish zarurligini bildirgan.









