12 102.390 so‘m

decrease

-33.370

13 990.360 so‘m

decrease

-77.410

153.080 so‘m

decrease

-0.320

12 102.390 so‘m

decrease

-33.370

5 soat avval
Bank
26

Banklar va toʻlov tashkilotlarini kiberjinoyatlar oqibatidagi zarar uchun javobgar qilish taklif etildi

Soʻnggi olti yilda kiberjinoyatlar boʻyicha murojaatlar 48 baravarga oshgan, oʻtgan yilda firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi va oʻgʻirliklarning 76 foizi kibermakonda sodir etilgan. 

Shuningdek, oʻtgan yillarda 3 ta bank tizimidagi zaiflik tufayli 3025 nafar mijozga 17 mlrd soʻm moddiy zarar yetkazilgan. 

Shu bois banklar va toʻlov tashkilotlarini kiberxavfsizlik talablariga rioya etilmagani oqibatida yuzaga kelgan moddiy zarar uchun javobgar qilish taklif etildi.

Banklar va toʻlov tashkilotlarini kiberjinoyatlar oqibatidagi zarar uchun javobgar qilish taklif etildi
Foto: AI/Pinkod.uz

Shavkat Mirziyoyev 12 mart kuni kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda mamlakatda internet orqali axborot tarqatish va maʼlumot izlash imkoniyatlari kengayib bormoqda. Hozirda Oʻzbekistonda internet foydalanuvchilari soni 31 milliondan oshgan boʻlib, ulardan 14 millioni ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda.

Shu bilan birga, huquqbuzarlarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan gʻarazli maqsadlarda foydalanish holatlari ham ortib bormoqda.

Xususan, soʻnggi olti yil ichida kiberjinoyatlar boʻyicha murojaatlar soni 48 baravarga oshgan. Oʻtgan yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, oʻgʻirlik jinoyatlarining esa 76 foizi kibermakonda sodir etilgan. Bu jinoyatlar oqibatida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion soʻmdan oshgan.

Taqdimotda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning keskin koʻpayib borayotgani milliy qonunchilikka bunday turdagi jinoyatlar uchun jazo choralarini kuchaytirish hamda kiberjinoyatlarning yangi shakllari uchun javobgarlik belgilash zarurligini koʻrsatayotgani qayd etildi.

Shuningdek, koʻplab fuqarolarga zarar yetkazayotgan “moliyaviy piramida” faoliyati uchun jazo choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

Takliflarga koʻra, fuqarolarning oʻz nomiga rasmiylashtirilgan elektron toʻlov vositalari, kriptohamyonlar, SIM-kartalar yoki elektron akkauntlardan kiberjinoyat sodir etishda foydalanilishiga yoʻl qoʻyganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin.

Bu orqali shaxslarning oʻz nomiga rasmiylashtirilgan elektron toʻlov vositalari va abonent raqamlaridan foydalanishda shaxsiy masʼuliyatini oshirish maqsad qilingan.

Muhim axborot infratuzilmasi obʼektlariga qarshi qaratilgan kiberhujumlar global tus olib bormoqda va bunday holatlar Oʻzbekistonda ham kuzatilmoqda. Bu esa yuridik shaxslarning oʻz tasarrufidagi axborot tizimlari xavfsizligini zamonaviy tahdidlarga mos ravishda takomillashtirib borishini hamda kiberxavfsizlikka alohida eʼtibor qaratishini talab etadi.

Shu bois yuridik shaxslar tomonidan axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilmagan taqdirda, oqibat kelib chiqqan-chiqmaganidan qatʼi nazar, maʼmuriy javobgarlik belgilash taklif qilindi.

Mazkur amaliyot masofaviy moliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi banklarga ham taalluqli boʻlishi mumkin. Banklar oʻz tizimlarida firibgarliklarning oldini olish boʻyicha himoya va xavfsizlik choralarini muntazam ravishda takomillashtirib borishi zarurligi taʼkidlandi.

Maʼlum qilinishicha, oʻtgan yillarda uchta bank tizimidagi zaiflik tufayli 3025 nafar mijozga jami 17 milliard soʻm moddiy zarar yetkazilgan.

Shu munosabat bilan tijorat banklari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyatlar oqibatida yuzaga kelgan moddiy zarar uchun javobgar boʻlishini qonunan mustahkamlash tashabbusi ilgari surildi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+