Banklar mikroqarz ajratishni sezilarli koʻpaytirib, avtokredit berishni kamaytirmoqda
1 avgust holatida Oʻzbekiston banklarining jami kredit portfeli 576,2 trln soʻmga yetgan boʻlib, shundan 201,8 trln soʻmi jismoniy shaxslarga toʻgʻri kelmoqda. Mikroqarzlar bir yil ichida 75 foizga oʻsgan boʻlsa, avtokreditlar hajmi 11 foizga yoki 4,5 trln soʻmga kamaygan.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2025 yil 1 avgust holatida tijorat banklarining jami kredit portfeli 576,2 trln soʻmni tashkil qilmoqda. Shundan 201,8 trln soʻm yoki 35 foiz jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hisoblanadi.
Ipoteka va taʼlim kreditlari
Kreditlar tarkibida ipoteka ulushi yetakchi boʻlib qolmoqda. Hozirda ularning hajmi 74,1 trln soʻmni tashkil etmoqda (jismoniy shaxslar kreditlarining 36,7 foizi). Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 18 foizga koʻpaygan.
Soʻnggi yillarda talab sezilarli oshayotgan yana bir yoʻnalish – taʼlim kreditlari. Joriy yilning iyuliga nisbatan ularning hajmi 16 foizga koʻpayib, 5,85 trln soʻmga yetdi. Mutaxassislarning fikricha, sentabr oyidan yangi oʻquv yili boshlanishi hisobga olinsa, ushbu raqam yil oxirigacha yanada ortishi mumkin.
Mikroqarzlar ajratish koʻpaymoqda
Eng tez oʻsish surʼatlari mikroqarzlarda qayd etildi. 2024 yil avgustida banklar tomonidan berilgan mikroqarzlar hajmi 34,8 trln soʻm boʻlgan boʻlsa, joriy yil 1 avgust holatiga kelib, u qariyb ikki baravarga oshib, 60,1 trln soʻmni tashkil etdi. Bu yillik hisobda 75 foizlik oʻsishni anglatadi.
Avtokreditlar qisqarmoqda
Biroq boshqa kredit turlaridan farqli ravishda, avtokreditlar bozorida pasayish kuzatilmoqda. Banklar tomonidan ajratilgan avtokreditlar hajmi bir yil ichida 11 foizga kamayib, 4,56 trln soʻmni tashkil qildi.
Buning asosiy sababi 2023 yilda Markaziy bank tomonidan risklarni kamaytirish maqsadida joriy qilingan cheklovlar bilan bogʻliq. Bunda avtokreditlar banklar kredit portfeli 25 foizidan oshmasligi kerak.
Oʻsha davrda banklar avtokredit ajratishni keskin koʻpaytirgan va bu avtomobil bozorida narxlarning tezkor oʻsishiga sabab boʻlgandi. Cheklovlardan soʻng esa avtokreditlar hajmi qisqardi, natijada avtomobil savdosi ham sekinlashdi.