Bankirdan oʻqituvchigacha: Oʻzbekistonda turli sohalar boʻyicha oʻrtacha ish haqi qancha?
2025 yilning yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik nominal ish haqi 6,17 mln soʻmni tashkil etdi. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, ish haqlarining yillik oʻsish surʼati 19,2 foizni tashkil qildi. Eng yuqori maosh Toshkent shahri hamda axborot-kommunikatsiya va moliya tarmoqlarida qayd etilgan.

Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 166,9 ming soʻmni tashkil etdi. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bu koʻrsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 19,2 foizga oʻsgan.
Hududlar boʻyicha vaziyat
Hududlar kesimida eng yuqori oʻrtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etildi. Bu yerda ish haqi 10,38 mln soʻmni tashkil etib, yillik oʻsish surʼati 18,7 foiz boʻlgan. Undan keyingi oʻrinlarda 7,61 mln soʻm bilan Navoiy viloyati va 5,80 mln soʻm bilan Toshkent viloyati joylashgan.
Eng past oʻrtacha ish haqi Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan.
| № | Hudud | Oʻrtacha ish haqi | Yillik oʻsish |
| 1 | Toshkent shahri | 10 379 600 soʻm | 18,7% |
| 2 | Navoiy viloyati | 7 612 300 soʻm | 15,1% |
| 3 | Toshkent viloyati | 5 803 400 soʻm | 17,3% |
| 4 | Andijon viloyati | 4 996 500 soʻm | 12% |
| 5 | Buxoro viloyati | 4 953 100 soʻm | 18,2% |
| 6 | Sirdaryo viloyati | 4 930 800 soʻm | 20,7% |
| 7 | Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 4 757 200 soʻm | 17,6% |
| 8 | Samarqand viloyati | 4 853 300 soʻm | 24,8% |
| 9 | Xorazm viloyati | 4 833 700 soʻm | 17,6% |
| 10 | Jizzax viloyati | 4 589 100 soʻm | 19,2% |
| 11 | Fargʻona viloyati | 4 574 500 soʻm | 19,8% |
| 12 | Namangan viloyati | 4 543 800 soʻm | 20,9% |
| 13 | Surxondaryo viloyati | 4 374 200 soʻm | 18,4% |
| 14 | Qashqadaryo viloyati | 4 270 800 soʻm | 17,2% |
Tarmoqlar boʻyicha ish haqi
Axborot va aloqa sohasida esa ish haqi 14,98 mln soʻmga yetgan boʻlib, oʻsish surʼati 16,6 foiz boʻlgan.
Eng yuqori yillik oʻsish sanʼat, koʻngilochar va dam olish xizmatlari faoliyatida kuzatildi. Ushbu yoʻnalishda oʻrtacha oylik ish haqi 5,11 mln soʻmga teng boʻlib, oʻsish 22,8 foizni tashkil etdi.
Axborot va aloqa yoʻnalishlari boʻyicha:
- Kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar: 19,99 mln soʻm
- Axborot xizmatlari koʻrsatish: 18,6 mln soʻm
- Aloqa sohasida: 11,76 mln soʻm
Bank, sugʻurta, lizing, kredit va vositachilik yoʻnalishlari boʻyicha:
- Majburiy ijtimoiy sugʻurtalashdan tashqari, qayta sugʻurtalash va nafaqa jamgʻarmalari: 20,97 mln soʻm
- Moliyaviy xizmatlar koʻrsatish va sugʻurtalash boʻyicha yordamchi faoliyat: 18,14 mln soʻm
- Sugʻurtalash va nafaqa taʼminotidan tashqari moliyaviy xizmatlar: 16,46 mln soʻm
Taʼlim sohasida:
Taʼlim sohasida oʻrtacha oylik ish haqi 4,19 mln soʻmni tashkil qilgan.
- Oliy taʼlim: 9,5 mln soʻm
- Texnik va professional taʼlim: 4,26 mln soʻm
- Umumiy oʻrta taʼlim: 4,14 mln soʻm
- Maktabgacha taʼlim: 2,77 mln soʻm









